add

Avtoraqamlar sotuvi: harfli kombinatsiyalar, rekord narxlar va yangi to‘lov tartibi

16.09.2025 | 18:00246914

O‘zbekistonda 2026 yildan avtoraqamlar auksioni bekor qilinadi. Yagona onlayn baza orqali raqam tanlash imkoni yaratiladi. Vaqt.uz harfli avtoraqamlar, oshirilgan to‘lov stavkalari, rekord sotuvlar va jamoatchilik fikrini tahlil qildi.

Avtoraqamlar sotuvi: harfli kombinatsiyalar, rekord narxlar va yangi to‘lov tartibi
Vazirlar Mahkamasining qaroriga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda avtomashinalar uchun xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega davlat raqamlari auksion orqali taqdim etish amaliyoti bekor qilinadi. Avval bu jarayon O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasining elektron platformasida o‘tkazilar edi. U davlat byudjetiga qo‘shimcha daromad keltirgan bo‘lsa-da, unda muammolar ham borligi aytiladi. Qarorda ma’lum qilinishicha, auksion jarayoni fuqarolar uchun murakkab va ko‘p vaqt talab qilardi. Shuningdek, ayrim toifadagi raqamlarning boshlang‘ich narxi balandligi sabab ko‘pchilik uchun xarid qilish imkoniyati cheklangan. Shu sababli hukumat «davlat raqamlarini olishda teng imkoniyat yaratish, ortiqcha ovoragarchilik va xarajatlarni kamaytirish hamda xizmatlarni raqamlashtirib shaffof qilish uchun» yangi tartibni joriy etdi. Qarorga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab auksion tartibi bekor qilinadi va uning o‘rniga yangi tizim joriy etiladi. Endi jismoniy va yuridik shaxslar onlayn rejimda, doimiy yangilanib turadigan yagona ochiq ma’lumotlar bazasidan foydalanib, bo‘sh turgan istalgan harf va raqam kombinatsiyasiga ega davlat raqamini bevosita tanlab olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur bazadan quyidagi platformalar orqali foydalanish mumkin bo‘ladi:
  • IIV ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘linmalarida o‘rnatilgan infokiosklar;
  • Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi;
  • YHXXning rasmiy veb-sayti;
  • Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali.
Tanlangan davlat raqami yagona belgilangan to‘lov asosida beriladi. To‘lov miqdori 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab «O‘zavtomotobelgi» davlat unitar korxonasi tomonidan belgilanadi. 2026 yil 1 yanvardan boshlab yagona ochiq ma’lumotlar bazasida hududlar kesimida barcha toifadagi davlat raqami belgilari (avval berilgan yoki foydalanilayotganlari bundan mustasno) joylashtiriladi.  Agar ma’lum hududning amaldagӣ kod raqami bo‘yicha «chiroyli» harf va raqam kombinatsiyalarining 90 foizi band bo‘lsa, shundan keyingina keyingi kod raqamiga (masalan, Toshkent uchun 02, Toshkent viloyati uchun 11 va boshqalar) o‘tiladi.   Nima o‘zgaradi? O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab «chiroyli» davlat raqami belgilari auksion savdolarini to‘xtatadi. Auksionga qo‘yilib, sotilmagan, shuningdek ishlab chiqarilib, xaridor topmagan harf va raqam kombinatsiyasiga ega davlat raqami belgilari berish tartibi quyidagicha belgilandi: 1−3 toifadagi davlat raqami belgilari «O‘zavtomotobelgi» davlat unitar korxonasi belgilagan yagona oshirilgan to‘lov evaziga beriladi:
Raqam kombinatsiyalari Istalgan harf kombinatsiyalari uchun to‘lov stavkalari

  Toshkent shahrida 

Qoraqalpog‘iston va viloyatlarda 

1 001, 007, 100, 111, 222, 555, 700, 777, 888

370 mln 800 ming so‘m

206 mln so‘m

2 002, 005, 010, 020, 050, 070, 077, 080, 101, 200, 202, 300, 333, 444, 500, 505, 707, 800, 808, 999

247 mln 200 ming so‘m

123 mln 600 ming so‘m

3 003, 004, 008, 009, 011, 022, 030, 033, 040, 044, 055, 088, 090, 110, 220, 303, 400, 404, 550, 600, 701, 717, 757, 770, 900, 909

123 mln 600 ming so‘m

82 mln 400 ming so‘m

4−6 toifadagi raqam belgilari esa xaridorgir kombinatsiyaga ega bo‘lmagan raqamlar uchun amaldagi tartib asosida taqdim etiladi.   Avtomobillar uchun «ismli» raqamlar Unikal davlat raqami belgilari 6 tagacha harf yoki raqam kombinatsiyasidan tuzilishi mumkin. Ular amaldagӣ davlat raqamlarini takrorlamasligi hamda qonunchilikka yoki axloq normalariga zid ma’nolarni o‘z ichiga olmasligi shart. Sodda qilib tushuntirganda, bunday raqamlarda shaxsning ismi, oila a’zosi ismi yoki shahar nomi aks ettirilishi mumkin. Masalan, «SARVAR», «AZIZA», «ODIL» yoki «BUXORO» kabi yozuvli mashinalarni yo‘llarda ko‘rishimiz mumkin. 2025 yil oxirigacha Ichki ishlar vazirligiga ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘linmalarida I, IE, III, IIIE turdagi davlat raqami belgilari ishlab chiqarishni tashkil etish vazifasi yuklatildi. Jumladan, ular uchun zarur uskuna va jihozlar o‘rnatilishi, xomashyo bilan ta’minlanishi va ishga tushirilishi talab etiladi. Shuningdek, IIV 2026 yil 1 yanvardan hukumatning ayrim qarorlariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritadi.   Jamoatchilik nima deydi? «Ismli» avtoraqamga oid qaror jamiyatda katta muhokamalarga sabab bo‘ldi. Jamoatchilik faollari, blogerlar va fuqarolar turli fikrlar bildirishdi. Xususan, iqtisodchi Otabek Bakirov O‘zbekistonda pul topib, aql topmagan ko‘pligini aytib shunday dedi: «Ism raqamlardan tushgan milliardlab pullarni manzilli ishlatish, ijtimoiy sohalarga va ijtimoiy qatlamlarga yo‘naltirish kerak. Masalan, trotuarlar uchun, piyodalar o‘tish yo‘laklarida svetoforlar o‘rnatish uchun, imkoniyati cheklanganlar harakatlanishiga yordam beradigan infratuzilma yaratish uchun. Shunda adolat ta’minlanadi. Xalqdan turli yo‘llar bilan ko‘chgan mablag‘lar yana xalq xizmatiga qaytadi», — dedi u. Troll.uz asoschisi Umid G‘ofurov esa bunday «ismli» avtoraqamlar olish «isrofgarchilikdan boshqa narsa emas» deb munosabat bildirdi. «Lolazor» podkastida masalaga boshqacha yondashildi. Ya’ni unda faollar alifbo muammosi ismli avtoraqamlar orqali yuzaga chiqib qolganini ta’kidlashdi. Hujjatda 6 tagacha harf kombinatsiyasiga ruxsat berilishi belgilangan bo‘lsa-da, amalda «XUSHNUD» (6 harf, 7 belgi) yoki «SHAMSHOD» (6 harf, 8 belgi) kabi ismlarda harflar soni talabga mos kelsa ham, belgilar soni ortiqcha chiqadi. Shuningdek, «Oʻ» va «Gʻ» harflari qo‘llanilishi masalasi ham noaniqligicha qolmoqda. Shu tariqa, faollar alifbo islohoti avtoraqamlar sabab o‘zining mantiqiy yakuniga yetishi mumkinligini muhokama qilishdi. Aholi orasida ham bu borada fikrlar turlicha. Kimdir bu yangilikni ijobiy baholasa, ayrimlar «soqqa qilish» yo‘li deyishmoqda.   Rekord darajada sotilgan avtoraqamlar O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi orqali yarim yil ichida 80 mingdan ortiq «chiroyli» raqamlar onlayn kimoshdi savdosi orqali sotildi. Jami tushum 378,7 mlrd so‘mni tashkil etdi. Xaridorlarning 96 foizi jismoniy shaxslar, qolgani esa yuridik shaxslar bo‘lgan. 2025 yilda sotilgan eng arzon raqam 1 mln 700 ming atrofida bo‘lsa, eng qimmati 1,56 mlrd so‘m atrofida taklif qilingan.   Eng qimmat avtoraqamlar sotuvi xronologiyasi: [caption id="attachment_17169" align="aligncenter" width="633"]Avtoraqam 01 Manba: Respublika tovar-xom ashyo birjasi[/caption] 2023 yil 11 oktyabrda 01 777 RRR avtomobil raqami kimoshdi savdosida 893,97 mln so‘mga (Markaziy bankning o‘sha paytdagi kursi bo‘yicha 73,27 ming dollar) sotilgan. Kim oshdi savdosi boshlangandan so‘ng lot narxi boshlang‘ich 297 mln so‘mdan 3 barobarga oshgan. Bu raqam 2023 yilda O‘zbekistondagi yuridik shaxslar uchun eng qimmat «chiroyli» davlat raqami bo‘lgan edi. [caption id="attachment_17172" align="aligncenter" width="633"]Avtoraqam 02 Manba: Respublika tovar-xom ashyo birjasi[/caption] 2024 yil 24 dekabrda esa 01 888 BBB avtomobil raqami 965,25 mln so‘mga (Markaziy bank kursi bo‘yicha 74,8 ming dollar) sotilgan. Uning boshlang‘ich bahosi 337,5 mln so‘mdan deyarli 3 barobargacha ko‘tarilgan. Bu ham o‘sha yil uchun eng qimmat avtoraqam sifatida e’tirof etilgan. [caption id="attachment_17174" align="aligncenter" width="633"]Avtoraqam 03 Manba: Ijtimoiy tarmoqlar[/caption] 2025 yilga kelib yana vaziyat o‘zgardi. Endi millionga emas, balki milliard so‘mga sotib oluvchilar «o‘yin»ga chiqdi. Shu yili 13 iyunda xaridor 10 777 ZZZ davlat raqami uchun 1,56 mlrd so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha 122,2 ming dollar) taklif qildi. Uning boshlang‘ich bahosi 187,5 mln so‘mdan boshlanib, qariyb 8,3 barobarga qimmatlashgan. Savdo 8 kun davom etgan. Mahliyo Hamidova tayyorladi.          

Teglar

Mavzuga oid