
Ayollar uchun eng yaxshi sharoit yaratilgan uchta davlat — Skandinaviyada
13.06.2025 | 09:4042354
Yangi tadqiqotga ko‘ra, 2025 yilda ayollar uchun mehnat va hayot sharoitlari eng yaxshi bo‘lgan mamlakatlar — Daniya, Finlandiya va Shvetsiya. Bu davlatlar gender tengligida Yevropa bo‘yicha yetakchi hisoblanadi.

CasinooftheKings kompaniyasi tomonidan o‘tkazilgan so‘nggi taҳлилда Yevropaning 16 davlatida ayollar uchun yaratilgan iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlar o‘rganildi. Tadqiqotda Yevrostat, OECD (Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkiloti), Xalqaro mehnat tashkiloti va Yevropa gender tengligi instituti ma’lumotlaridan foydalanilgan.
Baholashda 10 ta asosiy ko‘rsatkich hisobga olingan, jumladan, ish haqidagi gender tafovuti va ayollar tomonidan bank hisob raqamlariga egalik qilish darajasi.
Reytingda Daniya 83 ball bilan birinchi o‘rinni egalladi. Bu yerda ish bilan bandlikdagi tafovut juda kam va ayollarga 18 oylik dekret ta’tili beriladi. Finlandiya 80 ball bilan ikkinchi o‘rinda, u ayol tadbirkorlar soni bo‘yicha yuqori natija qayd etgan. Ammo dekret ta’tili va ish haqidagi tafovut bo‘yicha u Daniyadan ortda qolgan.
Shvetsiya esa 79 ball bilan uchinchi o‘rinni egalladi. Mamlakat rahbar lavozimlardagi ayollar soni kamligiga qaramay, ish haqi bo‘yicha tafovut 7,3 foizni tashkil etgan. Bu — Skandinaviya davlatlari uchun nisbatan yaxshi ko‘rsatkich.
CasinooftheKings ta’kidlashicha, ushbu mamlakatlar gender tenglikda yuqori natijaga erishgan, chunki ular ayollarni qo‘llab-quvvatlash uchun yaxlit ijtimoiy siyosat yuritmoqda. Masalan, dekret ta’tili, ish haqi ochiqligi kabi mexanizmlar orqali ayollar hayotida sezilarli o‘zgarishlarga erishilgan.
Italiya (52 ball) va Gretsiya (56 ball) reytingning eng past qismida joy oldi. Italiyada ish bilan bandlikdagi gender tafovuti eng katta. Fransiyada ish haqidagi tafovut 22,2 foizni tashkil etgan — bu reytingdagi eng yuqori ko‘rsatkich.





