
Ayolni vahshiylarcha tahqirlagan IIB, esga tushgan «Eski Toshturma» va Kannavaro olmaydigan 4 mln yevro — 6 oktyabr dayjesti
06.10.2025 | 22:00281411
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Senator Toshkent hokimidan «Eski Toshturma» hududidagi farmoyish ijrosini so‘radi
Eski Toshturma o‘rniga xiyobon qurilishiga oid Hukumat farmoyishi bajarilmagani yuzasidan senator Sayyora Abdikarimova Toshkent hokimi Umurzoqovga so‘rov yo‘lladi. Bu haqda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 martdagi 220-f-sonli farmoyishiga asosan, Toshkent shahar Yunusobod tumani, Namangan ko‘chasi 1-uy manzilida joylashgan sobiq 1-sonli tergov hibsxonasi — «Eski Toshturma» hududi shahar hokimligi balansiga o‘tkazilgan edi. Hujjatga muvofiq, bu yerda zamonaviy dam olish maskani — xiyobon qurish vazifasi belgilangan.
Biroq ortidan yetti yil o‘tishiga qaramay, farmoyishda ko‘zda tutilgan vazifalar ijrosi to‘liq ta’minlanmagan. Hozirda hudud qarovsiz holatda qolgani, ayrim xususiy qurilish kompaniyalari esa yer maydonidan shaxsiy manfaatlarda foydalanishga urinayotgani aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Shu munosabat bilan Senatning Agrosanoat, suv xo‘jaligi va ekologiya masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sayyora Abdikarimova Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov nomiga rasmiy so‘rov yo‘lladi. Unda senator hokimdan hududning hozirgi ahvoli, farmoyish ijrosining kechikishi sabablari va xiyobon qurilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida asosli ma’lumot taqdim etishni so‘ragan.
Qoraqalpog‘istonda yo‘lovchi poyezd yuk mashinasi bilan to‘qnashdi
Qoraqalpog‘istonda yo‘lovchi poyezd yuk mashinasi bilan to‘qnashdi. Holat yuzasidan «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, hodisa bugun, 6 oktyabr kuni soat 15:31 da To‘rtko‘l va Ellikqal’a stansiyalari o‘rtasidagi 531-kilometrda joylashgan qo‘riqlanmaydigan temiryo‘l kesishmasida sodir bo‘lgan. «Qo‘ng‘irot ‒ Andijon» yo‘nalishidagi 128-sonli yo‘lovchi poyezdi «KamAZ» rusumli yuk mashinasi bilan to‘qnashib ketgan. Yuk mashinasi temiryo‘l kesishma signal belgilariga qaramasdan harakatlangan.
Mashina haydovchisi shifoxonaga jo‘natilgan. Yo‘lovchi poyezdida 216 nafar yo‘lovchi bo‘lib, ularning sog‘lig‘iga zarar yetmagan. Teplovoz poyezdni olib ketolmasligi sababli O‘zTE16M2 rusumli 025 sonli teplovoz soat 16:15 da voqea joyiga jo‘natilgan.
O‘zbekistonda sun’iy intellekt rivoji uchun 50 mln dollar ajratildi
O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish uchun 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiya qabul qilinib, iqtisodiyot va ijtimoiy sohalardagi loyihalarga 50 mln dollar ajratildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokidagi taqdimotda infratuzilmani yangilash, kadrlar salohiyatini oshirish va davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi. Mamlakat xalqaro reytingda 70-o‘ringa ko‘tarilib, Markaziy Osiyoda yetakchi o‘rinni egalladi.
Hozirda sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, energetika va moliyaga oid 86 ta SI loyihasi ishlab chiqilgan, superkompyuter klasteri yaratilmoqda. Kadrlar tayyorlash doirasida «Bir million sun’iy intellekt liderlari» dasturi joriy etilgan bo‘lib, onlayn kurslar, xakatonlar va mahalliy iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rilmoqda.
IIB fitnasi: Farg‘onada IIB xodimlari ayolni yechintirib, yolg‘on ariza berishga majburladi
Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida ishlaydigan maktab direktori Gulira’no Qosimova Furqat tumani Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘iga qarshi uyushtirgan jinoiy tomoshasi qurboniga aylandi. Bu haqda uning o‘zi gapirib berdi.
Gulira’no Qosimovaning aytishicha, u avariyaga uchragan turmush o‘rtog‘ining jarrohlik amaliyoti uchun qarz so‘rab joriy yil aprelida o‘z tanishi, tuman soliq idorasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonovning oldiga borganida, IIB sahnalashtirgan tuzoqqa tushgan. To‘satdan paydo bo‘lgan IIB tezkor xodimlari Qosimova va Abdurahmonovni urib, qip-yalang‘och qilib yechintirishgan.
«Yusuf kameraga olib turibdi, Sohib aytyapti: davay, kameraga qaraysan, soliqning boshlig‘i hozir meni mana shu yerga majburlab olib kirib, urib, jinsiy munosabatda bo‘ldi, deb aytib berasan. Men hayronman, aqlim yetmayapti nega unday narsani talab qilayotganiga. Men bosh tortdim. U meni urishda davom etdi. Tohir sochimdan tortib kameraga olib kelib beryapti. Sohib boshimga uryapti, borib devorga tegib qaytib kelyapman, oyog‘imga tepyapti. «Shunday gapirib berasan», deb telefonlari bilan uryapti. «Pauza qil!» deydi, kamerani pauza qilganda, Sohib uradi», – deydi Qosimova.
Qosimovaga uning yalang‘och holatda IIB xodimlari tomonidan olingan videolari tarqatilishi bilan tahdid qilingan.
Ravshan Ermatov Kannavaro 4 mln yevro olishi haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritdi
Avvalroq, Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashri O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi bosh murabbiyi etib tayinlangan Fabio Kannavaroning murabbiylar shtabi maoshi yiliga 4 million yevrogacha bo‘lishi mumkinligi haqida xabar bergan edi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov bugun, 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida mazkur xabarlarga oydinlik kiritdi.
«Hozir matbuotda maosh haqida ko‘p gap-so‘zlar paydo bo‘ldi: kimdir 4 million [yevro], kimdir boshqa summalarni yozmoqda. Aslida bu yarmining yarmi ham emas. Agar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida shunday moliyaviy imkoniyatlar bo‘lganida, biz umuman boshqacha yo‘l tutgan bo‘lardik. Ammo biz real resurslarimizdan kelib chiqib, eng maqbul variantni tanladik», – dedi u.
O‘FA birinchi vitse-prezidentining so‘zlariga ko‘ra, etika nuqtai nazaridan ikkala tomon ham shartnoma tafsilotlarini oshkor qilmaslikka kelishib olgan.





