
BAA banklari Rossiya kompaniyalari hisoblarini ommaviy bloklashni boshladi
02.08.2025 | 19:002313
Urushdan so‘ng BAA Rossiya uchun muhim moliyaviy va logistika markaziga aylangan edi. Biroq endi u yerdagi banklar rus kompaniyalarini nazorat ostiga olmoqda — yuzlab hisoblar yopildi, talablar qat’iylashtirildi.

Birlashgan Arab Amirliklari hududida faoliyat yuritayotgan Rossiya kompaniyalari ommaviy tekshiruvlar va bank hisoblarining bloklanishiga duch kelmoqda. Bu haqda RBK huquqshunoslar va konsalting kompaniyalariga tayangan holda xabar berdi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 4 mingdan ortiq Rossiya shirkati ro‘yxatdan o‘tgan, ularning 20–30 foizi bank cheklovlari bilan to‘qnash kelmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, hatto bankning qo‘ng‘irog‘iga javob berilmagan yoki belgilangan vaqtda hujjat yuborilmagan holatlarda ham hisoblar yopilmoqda. Banklar ba’zan 24 soat ichida 20 tagacha hujjatni taqdim etishni talab qilmoqda.
BAAda ayniqsa mamlakat bilan tijorat faoliyati zaif bog‘langan yoki mutlaqo bog‘lanmagan kompaniyalarga nisbatan talablar kuchaytirilmoqda. «Qonuniy va katta aylanmaga ega bizneslar ham muammoga duch kelmoqda», — deydi Pen&Paper kompaniyasi sherigi Stanislav Danilov.
Yuristlarning ta’kidlashicha, mahalliy banklar xalqaro sanksiyalar ro‘yxatini diqqat bilan kuzatmoqda. Hisoblar faqat to‘g‘ridan to‘g‘ri sanksiyaga uchraganlarga emas, balki «qora ro‘yxat»dagi hamkorlar bilan ishlaydiganlarga nisbatan ham yopilmoqda.
Uppercase ma’lumotiga ko‘ra, faqat o‘tgan yili BAAda rossiyalik ishtirokchilarga ega yana 100 ta kompaniya tashkil etilgan. Bu 2023 yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p. Shu bilan birga, avval ro‘yxatdan o‘tgan kompaniyalarning 14 foizi faoliyatini to‘xtatgan.
Eng ko‘p ochilayotgan bizneslar savdo (26 foiz), IT (21 foiz) va ishlab chiqarish (14 foiz) sohalarida bo‘lgan.





