BAA OPECʼdan so‘ng yana bir xalqaro tashkilotni tark etdi
Aprel oyi oxirida Amirlik Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti va OPEC+ kelishuvidan chiqqanini e’lon qilgandi.

Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) OPEC va OPEC+ tashkilotlaridan chiqqanidan so‘ng, Arab neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OAPEC) safini ham tark etdi. Bu haqda tashkilotning X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida ma’lum qilindi.
BAAning tashkilotdan chiqish qarori 1-maydan boshlab kuchga kirdi. OAPEK Bosh kotibiyati BAAga a’zolik davrida bajargan roli hamda arab davlatlarining neft va energetika sohasidagi qo‘shma harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qo‘shgan faol hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, aprel oyi oxirida Birlashgan Arab Amirliklari Neft eksport qiluvchi mamlakatlar tashkiloti (OPEC) va OPEC+ kelishuvidan chiqqanini e’lon qilgan edi.
1968 yilda asos solingan OAPEC, neft qazib olish kvotalari va narxlarni belgilovchi OPEKdan farqli o‘laroq, asosan a’zo davlatlar o‘rtasida neft sanoatining turli iqtisodiy yo‘nalishlarida hamkorlikni ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
BAA tashkilotni tark etgach, uning tarkibida 10 ta davlat qoldi: Jazoir, Bahrayn, Misr, Iroq, Kuvayt, Liviya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Suriya va Tunis.





