add

Birinchilardan bo‘lib: Avstraliya bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqladi

Kecha 20:58482 daqiqa

Bosh vazirga ko‘ra, qonun bolalarning bolalik huquqi va ota-onalarning xotirjamligini himoya qiladi.

Birinchilardan bo‘lib: Avstraliya bolalarga ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqladi

Avstraliya dunyoda birinchi bo‘lib bolalar va o‘smirlarning ijtimoiy tarmoqlarga kirishini taqiqlagan mamlakat bo‘ldi. U yerda 10-dekabr kuni 16 yoshdan kichik bolalar uchun TikTok, Facebook, Instagram, YouTube, X, Reddit va boshqa ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishni taqiqlovchi qonun kuchga kirdi. Qonunga rioya qilmaslik uchun javobgarlik ijtimoiy tarmoq egalariga yuklanadi. Agar ular kirishni to‘sish uchun zarur choralarni ko‘rmasa, 49,5 million Avstraliya dollarigacha (33 million AQSH dollari) jarima to‘lashga majbur bo‘ladi. Bunday choralar orasida 16 yoshdan kichik bolalarning hisoblarini o‘chirish va bu yoshdagi yangi foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishni taqiqlash ham bor.

Hozirgi kunda 10 ta ijtimoiy tarmoq va xizmatga taqiq joriy etilgan — Facebook, Instagram, Snapchat, Threads, TikTok, X, YouTube, Reddit, Kick va Twitch. Avstraliya hukumati bu ro‘yxat muntazam ravishda qayta ko‘rib chiqilishini ma’lum qildi.

Qonun ijrosi to‘g‘ridan-to‘g‘ri platformalar zimmasiga yuklatiladi. The Guardian nashri ta’kidlashicha, Avstraliya qonunchiligining talablaridan biri shundan iboratki, foydalanuvchi ko‘rsatgan tug‘ilgan sana yosh tasdig‘i uchun yetarli bo‘lmaydi. Tekshirish uchun bank hisob raqamlari, fotosuratli shaxsiy guvohnoma yoki selfilardan foydalanish mumkin. YouTube yoshni «Google hisobida ko‘rsatilgan sana va boshqa belgilar asosida» aniqlashni rejalashtirmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirishga va’da berdi:

— Snapchat’dagi bolalar hisoblari uch yilga yoki egalariga 16 yosh to‘lgunga qadar to‘xtatiladi;

— O‘smirlar YouTube hisoblaridan avtomatik tarzda chiqariladi, ularning kanallari boshqa ko‘rinmaydi.

— Bolalar 16 yoshga to‘lgach, kanallarini qayta faollashtira olishlari uchun hisob ma’lumotlari saqlanib qolinadi.

— TikTok 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarning barcha hisoblari 10-dekabr kuni faolsizlantiriladigan bo‘lishini ma’lum qildi. Bolalar joylagan kontentni endi ko‘rib bo‘lmaydi.

— Twitch xabariga ko‘ra, 10-dekabrdan boshlab Avstraliyada 16 yoshdan kichik bolalarga yangi hisoblar ochishga ruxsat berilmaydi, ammo ularga tegishli mavjud hisoblar 9-yanvargacha faolsizlantirilmaydi.

— 4-dekabr kuni Meta 16 yoshdan kichik bolalarning Instagram va Facebook'dagi hisoblarini o‘chirishni boshladi.

Albaneze taqiq kuchga kirishidan oldin videomurojaat yozib, bolalarga kelayotgan maktab ta’tillari davrida muqobil mashg‘ulotlar topishni maslahat berdi.

«Yangi sport turi bilan shug‘ullaning, yangi musiqa asbobini chalishni o‘rganing yoki javoningizda uzoq vaqtdan beri yotgan kitobni o‘qib chiqing», - deya tavsiya qildi u.

«Do‘stlar va oila bilan vaqt o‘tkazish muhim», - deb ta’kidladi bosh vazir.

Avstraliyaning ABC telekanaliga bergan intervyusida u qonunning kuchga kirishini «Avstraliya oilalari yirik texnologiya kompaniyalari ustidan nazoratni o‘z qo‘llariga qaytarib olgan kun» deya ta’rifladi.

«Ular [oilalar] bolalarning bola bo‘lib qolish, ota-onalarning esa xotirjam bo‘lish huquqini himoya qiladi», - deya qo‘shimcha qildi u.

Teglar

Mavzuga oid