
Baliqchilikda suv soliqlari avtomatik hisoblanadi
27.06.2025 | 12:2039553
Suvdan foydalanish soliqlari axborot tizimi¢ orqali shakllantiriladi.

O‘zbekistonda baliqchilik xo‘jaliklarida suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq hisobotlari avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bu tegishli qonun hujjatlariga kiritilgan yangi o‘zgartishlar orqali amalga oshiriladi.
26 iyun kuni qabul qilingan O‘RQ–1071-sonli qonunga asosan, «Suv hisobi» axborot tizimi va sohadagi vakolatli organlar ma’lumotlari asosida hisobotlar avtomatlashtiriladi. Bu esa, baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga soliq yukini yengillashtirish hamda hisobot yuritishda shaffoflikni ta’minlaydi.
Qonunga ko‘ra, soliq munosabatlarida foydalaniladigan elektron hujjatlar fuqarolarning roziligini va shaxsini tasdiqlovchi elektron tasdiqlash usullari orqali rasman tan olinadi. Bu mexanizm elektron raqamli imzoga tenglashtirildi.
Shu bilan birga, ortiqcha undirilgan soliqlarni boshqa turdagi soliqlar hisobidan qayta hisobga olish tartibi ham soddalashtirildi. Yangi tartibga muvofiq, tadbirkor yozma yoki elektron ariza bilan murojaat qilsa, 3 ish kuni ichida tegishli soliq organi tomonidan hisob-kitob amalga oshiriladi.
Bu o‘zgarishlar agrosohada raqamli boshqaruvni joriy etish va resurslardan oqilona foydalanishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.





