
Bandlik vaziri 2026 yilda 1 million kishi doimiy ish bilan ta’minlanishi haqida aytdi
O‘zbekistonda kelasi yil ishsizlikni 4,5 foizga tushirish, aholi bandligi va daromadlarini keng ko‘lamda oshirish rejalashtirilmoqda.

O‘zbekistonda 2026 yilda ishsizlik va kambag‘allik darajasini 4,5 foizgacha pasaytirish reja qilingan. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Botir Zohidov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda mamlakatda ishsizlik darajasi 5,8 foizni tashkil etmoqda va so‘nggi yillarda bu ko‘rsatkich keskin qisqargan.
Vazir ta’kidlashicha, endilikda asosiy e’tibor mehnat bozoriga yangi kirib kelayotgan aholini ish bilan ta’minlashga qaratiladi. Shu maqsadda 2026 yil davomida 1 million nafar aholini doimiy ish joylari bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Bu bilan birga, 4 million nafar fuqaroning daromadini oshirish, shu jumladan, 1 million kambag‘al aholini daromadni ko‘paytirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olish vazifasi qo‘yilgan.
Bandlik sohasidagi yana bir muhim yo‘nalish sifatida norasmiy mehnatni qisqartirish belgilangan. Rejaga muvofiq, 2026-yilda 1 million nafar norasmiy ishlayotgan fuqaroning faoliyatini rasmiy sektorga chiqarish ko‘zda tutilgan. Bu chora mehnat bozori shaffofligini oshirish va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Mazkur maqsadlarga erishish uchun qator loyihalar amalga oshiriladi. Xususan, “Bandlik organlari — ish beruvchilar hamkori” loyihasi doirasida 30 mingdan ortiq ish beruvchi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, 150 ming nafar aholini ish bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
“Mehnatsevar ayol” loyihasi orqali esa 40 mingdan ziyod imkoniyati cheklangan fuqarolarni bandlikka jalb qilish imkoni yaratiladi.
Shuningdek, “Mahalliy brendlar tarmog‘i”ni hududlarga keng joriy etish orqali tadbirkorlik sub’ektlarini ko‘paytirish va kamida 30 ming nafar aholini ish bilan ta’minlash maqsad qilingan. Qishloq xo‘jaligida o‘quv-tajriba maydonlarini tashkil etish va yuqori daromadli ekinlar ekish hisobiga 250 ming nafar aholining daromadini ikki barobarga oshirish rejalashtirilmoqda.
Vazir ma’lum qilishicha, 2025-yilning yanvar—noyabr oylarida qariyb 5,1 million nafar fuqaro daromadli mehnatga jalb etilgan. Shu davrda 450 nafardan ortiq norasmiy ishlayotgan shaxslarning faoliyati rasmiylashtirilgan.





