
Banklarda muammoli kreditlar qisqardi
29.09.2025 | 10:5837464
O‘zbekistonda banklar portfelidagi muammoli kreditlar hajmi avgust oyida sezilarli darajada kamaydi.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil 1 sentyabr holatiga banklardagi muammoli kreditlar 21,8 trln so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich avgust boshida 22,5 trln so‘m bo‘lib, bir oyda qariyb 700 mlrd so‘mga qisqargan.
Qaytarilmayotgan yoki muddati o‘tgan qarzlarning 14,9 trln so‘mi davlat banklari hissasiga to‘g‘ri kelsa, qolgan 6,8 trln so‘mi xususiy banklar ulushida. Milliy bank eng katta muammoli kreditlar portfeliga ega — 3,1 trln so‘m. Biroq aynan ushbu bankda qarzdorlik avgust oyida 674 mlrd so‘mga kamayishi natijasida umumiy ko‘rsatkich pasayishida asosiy omil bo‘ldi.
Shu bilan birga, Agrobankda 2,6 trln so‘m, O‘zsanoatqurilishbankda 2,4 trln so‘m, Asakbankda esa 1,9 trln so‘mlik muammoli kreditlar saqlanmoqda. Xususiy sektorda esa Ipotekabank qarzdorlikni keskin qisqartirishga erishdi: sentyabr boshida 2,2 trln so‘mni tashkil etgan ko‘rsatkich yil boshida deyarli 3,6 trln so‘m edi.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda muammoli kreditlar ulushi barqaror o‘sib borgan.
2020 yil — 5,8 trln so‘m;
2021 yil — 17 trln so‘m;
2024 yil — 20 trln so‘mga ko‘tarilib, keyinchalik shu ko‘rsatkich atrofida saqlanib qolgan.
Avvalroq Markaziy bank muammoli kreditlarning 25 foizi jismoniy shaxslarga, 75 foizidan ziyod qismi esa yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga to‘g‘ri kelishini ma’lum qilgan.
Markaziy bank hisobotiga ko‘ra, iyul oyida muammoli kreditlar hajmi 684 mlrd so‘mga (55 mln 383 ming dollar) ko‘payib, 22,5 trln so‘mi tashkil qilgan. Bu jami kreditlarning 3,9 foiziga teng.





