
Banklarni xususiylashtirish kerak, kreditlar shaffof emas — XVJ tavsiyalari
26.06.2025 | 22:3046535
Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki hisobotiga ko‘ra, O‘zbekiston moliya sektoridagi islohotlar muayyan natija bermoqda, biroq davlat banklaridagi kredit xavfi, shaffoflik muammolari va nazoratning zaifligi barqarorlikka tahdid solmoqda.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistonga davlat banklarini xususiylashtirish va davlat moliyaviy yordamini shaffof kredit platformalari, kafolatlar va subsidiyalar kabi bozorga asoslangan mexanizmlarga o‘tkazish bo‘yicha majburiyatlarini yangilashni tavsiya etmoqda. Bu xulosalar jamg‘armaning Jahon banki bilan hamkorlikda O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazgan Moliyaviy sektor baholash dasturi (FSAP) natijalarida qayd etilgan.
Ushbu tahlillarga ko‘ra, kapitalning yetarliligi, daromadlilik va likvidlik ko‘rsatkichlari ijobiy bo‘lsa-da, stress-testlash, ayniqsa davlat banklarida kredit xavfiga nisbatan zaifliklarga ishora qilmoqda. Ushbu banklar murakkab vaziyatlarda sezilarli darajada qayta kapitallashtirish talab etilishi mumkin.
XVJ tomonidan imtiyozli kreditlashni bosqichma-bosqich bekor qilish, davlat tijorat banklarini xususiylashtirishni jadallashtirish hamda moliya sektorining barqaror rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash uchun huquqiy va me’yoriy asoslarni takomillashtirishni tavsiya etildi. Shuningdek, unga ko‘ra, moliyaviy barqarorlik kengashini tashkil etish, hamda favqulodda likvidlik yordamini takomillashtirish ishonchli moliyaviy xavfsizlik tarmog‘ini yaratishda muhim ahamiyatga ega.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston kapital bozorlari va nobank kredit tashkilotlarini yanada rivojlantirish juda muhim. Xususiy kredit tashkilotlarining rolini kuchaytirish, nazorat salohiyatini oshirish va bozorga asoslangan vositalar orqali moliyaviy mablag‘lardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish inklyuziv moliyaviy o‘sishning asosiy omillari hisoblanadi.
XVJ tomonidan davlat banklarini xususiylashtirish va davlat moliyaviy yordamini shaffof kredit platformalari, kafolatlar va subsidiyalar kabi bozorga asoslangan mexanizmlarga o‘tkazish bo‘yicha majburiyatlarini yangilashni tavsiya etilmoqda. Kichik va o‘rta biznes sub’ektlari ko‘pincha yuqori foizli kreditlar yoki subsidiyalangan dasturlarga tayanishga majbur.
XVJ moliyaviy bozordagi buzilishlarni kamaytirish, moliyaviy ommaboplikni oshirish va barqaror kredit olish imkoniyatini ta’minlash uchun bozor mexanizmlariga asoslangan vositalar — masalan, qisman kredit kafolatlari va raqobatbardosh kredit liniyalariga o‘tishni tavsiya etadi. Tez sur’atda rivojlanayotgan mikromoliya tashkilotlari hamda yangi tashkil etilgan mikromoliya banklari ustidan nazorat kuchaytirilishi zarur, bu esa tartibga solishdagi bo‘shliqlar va noxolis raqobatni oldini olishga xizmat qiladi.





