
«Barselona» FK kredit reytingi «barqaror»dan «ijobiy»ga o‘zgardi
17.06.2025 | 20:1015863
Morningstar DBRS agentligi «Barselona»ning moliyaviy ahvolini yaxshilangani va kredit majburiyatlarini bajarish qobiliyati tasdiqlanganini ma’lum qildi. Bu klubning iqtisodiy tiklanishini rasman tan olishdir.

Futbol bo‘yicha dunyodagi eng mashhur klublardan biri — «Barselona»ning kredit reytingi «barqaror»dan «ijobiy»ga ko‘tarildi. Bu haqda xalqaro reyting agentligi Morningstar DBRS ma’lum qildi.
Agentlik bayonotiga ko‘ra, so‘nggi ikki mavsumda klubning moliyaviy ko‘rsatkichlari ancha yaxshilangag va bu tendensiya kelgusida ham davom etishi kutilmoqda.
Bu iqtisodiy barqarorlik, xususan, «Barselona»ning o‘z maydoni — Spotify Kamp Nouga qaytishi bilan tushuntirilmoqda. Bu stadion klubga yangi daromad manbalarini ochishga yordam berishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, xarajatlarni samarali boshqarish, shuningdek, UEFA va La Liganing barqarorlik doirasidagi nazorat mexanizmlari klubning iqtisodiy tiklanishiga xizmat qilgani ta’kidlanmoqda.
Morningstar DBRS agentligi dunyodagi eng yirik to‘rt reyting agentliklaridan biri hisoblanadi. U jahon bo‘yicha 4 mingdan ortiq yuridik shaxs va 60 mingdan ortiq moliyaviy instrumentlarni baholab keladi. Agentlik Kanada, AQSH va Yevropada yetakchi bozor ishtirokchisi hisoblanadi.
Klub uchun bunday reyting o‘zgarishi investorlar, homiylar va moliyaviy tashkilotlar bilan ishlashda ishonch darajasini oshiradi. Shu tariqa, «Barselona»ning iqtisodiy rejalari muvaffaqiyatli amalga oshish ehtimoli yanada yuqori baholanmoqda.





