
Baxshillo Xo‘jayev TDYU rektori etib tayinlandi
Adliya vazirligi qarori bilan Toshkent davlat yuridik universitetiga yangi rektor tayinlandi va muassasada ta’lim, boshqaruv hamda kadrlar siyosatida bir qator o‘zgarishlar joriy etildi.

Adliya vazirligiga ko‘ra, universitetning ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori lavozimida faoliyat yuritib kelgan Baxshillo Xo‘jayev Kamolovich rektor etib tayinlandi. Shu paytga qadar Islombek Rustambekov rektor vazifasini bajarib kelayotgan edi.
1982 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan Baxshillo Xo‘jayev huquqshunos mutaxassis bo‘lib, 2-darajali adliya maslahatchisi sanaladi. U 2004 yilda Toshkent davlat yuridik institutida bakalavr, 2006 yilda magistratura bosqichini tamomlagan. 2018 yilda Yaponiyaning Nagoya universitetida doktoranturani yakunlagan. 2022 yildan beri TDYUda prorektor sifatida ilmiy faoliyatni rivojlantirish va innovatsion loyihalarni amalga oshirishga mas’ul bo‘lib kelgan.
Avval xabar qilinganidek, Toshkent davlat yuridik universiteti Yangi Toshkent shahriga ko‘chiriladi. Universitet uchun zamonaviy, xalqaro talablarga javob beradigan markaz qurilishi maqsadida yangi yer uchastkalari ajratilib, 2025–2028 yillarda qurilish ishlari amalga oshiriladi. Amaldagi binolarda esa O‘zbekiston huquqi tarixi muzeyi, Nizolarni hal etish markazi, Raqamli huquq markazi va Raqamli sud ekspertiza markazi tashkil etilishi rejalashtirilgan.





