add

Baxti Tashkentskiyning o‘g‘li: «PUSHAYMONMAN»

Bugun 18:073 daqiqa

Jinoyat olamida «Baxti Tashkentskiy» nomi bilan tanilgan «qonundagi o‘g‘ri»ning koloniyada jazo o‘tayotgan o‘g‘li «Otamning yo‘lidan ketmoqchi edim, pushaymonman», deya chiqish qildi.


«Baxti Tashkentskiy» nomi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘li — 32 yoshli Bekzod Zafarovning chiqishi Ichki ishlar vazirligi tomonidan maxsus tayyorlangan lavhada namoyish etildi. Lavhada mahkumning jazoni o‘tayotgan davrdagi kundalik hayoti, mehnat faoliyati hamda yo‘l qo‘yilgan xatolaridan chiqargan xulosalari va pushaymonligi aks etgan.

«Baxti Tashkentskiy» kim?

Baxtiyor Zafarovich Qudratullayev 1971 yil 19-oktabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. U ommaviy axborot vositalarda asosan «Baxti Tashkentskiy» laqabi bilan tanilgan. Ayrim manbalarda «Baxtishka» hamda «Yangiabadskiy» laqablari bilan ham tilga olinadi.

Qudratullayev O‘zbekiston jinoyat olamida tanilgan shaxslardan biri sifatida qayd etilgan bo‘lib, uning faoliyati yuzasidan bir qator jinoiy ishlar doirasida tergov va sud jarayonlari o‘tkazilgan.

Koloniyadagi hayot

Lavhada ma’lum qilinishicha, Bekzod Zafarov jazoni o‘tash muassasasida xo‘jalik va qurilish ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, u ishlab chiqarish korxonasida foydali mehnatga jalb qilingan bo‘lib, sexlarda ishlash bilan band.

Bekzod Zafarov intervyuda jinoyat yo‘lini tanlagani katta xato bo‘lganini tan olib, bir vaqtlar otasining yo‘lidan borishni, uning o‘rnini egallashni o‘ylaganini aytadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koloniyadagi hayot unga qonun oldida hamma teng ekanini anglatgan. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, jinoyat uchun javobgarlik muqarrar ekanini endi tushunganini ta’kidlaydi.

Shuningdek, u jinoyat olamidagi shaxslarga ergashish hech qanday foyda keltirmasligini ta’kidlab, yoshlarni halol mehnat qilishga, ota-ona va jamiyat xizmatida bo‘lishga chaqirdi. Uning fikricha, inson faqat boshiga musibat tushgandagina nimani yo‘qotganini anglaydi.

Bekzod Zafarov oilasi, ayniqsa farzandlari haqida gapirar ekan, katta o‘g‘lining yaqin orada maktabga chiqishini, biroq o‘zi bu muhim kunlarda yonida bo‘la olmasligini eng katta armoni sifatida tilga oladi. Farzandlarining o‘sib-ulg‘ayishini, ota sifatida mas’uliyatini to‘liq bajara olmaganini, qizining ilk so‘zlarini, bolalik onlarini ko‘ra olmayotganidan afsusda ekanini bildiradi.

U barcha xatolar uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib, boshqalarni ayblash noto‘g‘ri ekanini aytadi. Halol mehnat qilib, bir kasb egallab, oila bag‘rida yashash eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lganini endi anglaganini ta’kidlaydi.

Shuningdek, u qamoqxonadagi hayot bilan erkinlikdagi oddiy oilaviy hayotni taqqoslar ekan, hibsxonadagi sharoitdan ko‘ra, oila davrasida bir burda non yeyish ming marta afzal ekanini alohida ta’kidlaydi.

«Baxti Tashkentskiy» ishi

2024 yilda sud hukmiga ko‘ra, Baxtiyor Qudratullayev Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Jinoyat kodeksining 34-moddasiga asosan u o‘ta xavfli retsidivist deb topilib, tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tash belgilangan.

Shuningdek, Jinoyat kodeksining 96-moddasiga muvofiq, Baxtiyor Qudratullayevga jazoni o‘tash davrida giyohvandlikdan davolanishning majburiy choralari qo‘llanilishi belgilandi.

Bekzod Zafarov esa tovlamachilik va firibgarlik jinoyatlarini sodir etgani uchun sud hukmi bilan 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Uning ukasi Ixtiyor Qudratullayev ham 9 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.

Teglar

Nozima Qarshiboyeva

Nozima QarshiboyevaMaqolalar soni: 18

Barchasi

Mavzuga oid