add

Baykalorti o‘lkasida O‘zbekiston meva-sabzovot mahsulotlari uchun logistika markazi tashkil etiladi

Baykalorti hududida O‘zbekiston meva-sabzavotlarini qabul qiluvchi transport-logistika markazi tashkil etiladi. Bu tashabbus ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, ayniqsa agrosanoat sohasini rivojlantirish maqsadida ilgari surilmoqda.

Baykalorti o‘lkasida O‘zbekiston meva-sabzovot mahsulotlari uchun logistika markazi tashkil etiladi
Baykalorti o‘lkasi hukumatining kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekistonning Bosh konsuli Aslam Akbarov ishtirok etdi. Uchrashuvda Qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy rivojlanish, iqtisodiyot, infratuzilma, makon rejalashtirish, ta’lim va ilm-fan, madaniyat va boshqa sohalar rahbarlari ishtirok etdi. Yig‘ilishda ikki mamlakat o‘rtasida agrosanoat, ta’lim va madaniyat sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Asosiy e’tibor o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Baykalorti hududiga yetkazib berishni kengaytirish va bu maqsadda yirik logistika markazi tashkil etishga qaratildi. Ushbu markaz kuniga 50 tacha yuk mashinasini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Zabaykale hududidan O‘zbekistonga yirik va mayda shoxli mollar eksportini tashkil etish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Rossiya tomoni o‘zbek quritilgan mahsulotlar, ayniqsa quritilgan olxo‘riga bo‘lgan talab sezilarli o‘sib borayotganini qayd etdi. Ikki tomon agrar ta’lim, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish, shuningdek, o‘zbekistonlik ixtisoslashgan kadrlarni jalb qilish masalalarini muhokama qildi. Xususan, veterinar, haydovchi va boshqa sohalardagi mutaxassislarga ehtiyoj katta ekani aytildi. Baykalorti o‘lkasida issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirishda o‘zbek tajribasidan foydalanishga qiziqish bildirildi. Shu munosabat bilan Baykalorti tadbirkorlarini O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hududlariga biznes-missiya sifatida yuborish taklifi bildirildi. Shuningdek, turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish, Chita shahrida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati, milliy taomlari va ijodiy jamoalar chiqishlarini tashkil etish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Qolaversa, Baykalorti va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik va shaharlar o‘rtasida qardoshlik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish tashabbusi ham qo‘llab-quvvatlandi. Yig‘ilish yakunida sohaviy vazirliklar rahbarlaridan iborat qo‘shma ishchi guruh tuzishga kelishib olindi.

Teglar

Mavzuga oid