add

Belgiyaga tashrif, 38 mlndan oshgan aholi va «qochoq kuyov» mashmashasi — hafta dayjesti

25.10.2025 | 16:006875

O‘tayotgan hafta ichida O‘zbekistonda sodir bo‘lgan eng ahamiyatli va muhokamalarni keltirib chiqargan voqea-hodisalarni yana bir bor esga olamiz.

Belgiyaga tashrif, 38 mlndan oshgan aholi va «qochoq kuyov» mashmashasi — hafta dayjesti

Video

 

Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Belgiyaga bordi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 oktyabr kuni rasmiy tashrif bilan Belgiya poytaxti Bryusselga yetib bordi. Uni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Eduard Stiprays va boshqa rasmiy shaxslar kutib oldi.

Tashrif doirasida Mirziyoyev Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta, Yevropa komissiyasi rahbari Ursula fon der Lyayen va Belgiya qiroli Filipp bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Prezident Mirziyoyev Yevropa davlatlarining yirik kompaniyalari va moliyaviy institutlari rahbarlari bilan davra suhbati o‘tkazildi. Unda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, investitsiya muhiti va «yashil iqtisodiyot» yo‘nalishidagi istiqbollar muhokama etildi.

Tashrif davomida O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi imzolandi.

Shuningdek, tashrif kun tartibidan o‘rin olgan muhim masala «O‘rta koridor» — Trans-Kaspiy yo‘nalishi, transport va logistika hamkorligi masalalari ham muhokama qilindi. Bu yo‘nalish Yevropa bilan Markaziy Osiyo o‘rtasidagi bog‘lanishni kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

O‘zbekiston aholisi 38 milliondan oshdi

Bu haftada yana bir rekord yangilandi — O‘zbekiston aholisi  38 milliondan oshdi. Milliy statistika qo‘mitasi e’lon qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning 1 oktyabr holatida O‘zbekiston Respublikasi aholisi soni 38 mln 69 ming kishidan oshgan. Bu ko‘rsatkich mamlakatda aholi o‘sish sur’atlarining barqarorligini anglatadi.

Jins tarkibiga ko‘ra, erkaklar soni 19 million 172,5 ming nafarni, ayollar soni esa 18 million 896,6 ming nafarni tashkil etmoqda. Demak, aholining 50,4 foizi erkaklar, 49,6 foizi esa ayollardir.

O‘zbekiston aholisi 38 milliondan oshgan bo‘lsa-da, tug‘ilish keskin kamaygani e’lon qilindi, bu esa demografik o‘zgarishlar haqida xavotir uyg‘otmoqda.

2025 yilning uchinchi choragida tug‘ilishlar soni o‘tgan yilga nisbatan 5,5 foizga, ya’ni qariyb 15 ming nafarga kamaydi. Ikkinchi chorakda pasayish 3,1 foizni tashkil etgan edi, demak kamayish sur’ati ikki barobarga yaqin oshgan.

 

«Qochoq kuyov» mashmashasi

Yakunlanayotgan hafta yana bir muhokamali voqea bilan yodda qolmoqda. Sababi, bugun ijtimoiy tarmoq vakillari e’tibori bo‘lajak turmush o‘rtog‘i tomonidan chuv tushirilgan o‘zbekistonlik qizga qaratildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bo‘lajak kuyov aldov yo‘li bilan qizning hovlisini sotib yuborgani haqida xabar tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Yigit qo‘lga olinib, unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llandi. Bu haqda Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi xabar berdi.

Xabarda qayd etilishicha, o‘tgan yilning avgust oyida 1997 yilda tug‘ilgan (yigit) 1999 yilda tug‘ilgan qizga uylanishini aytib, uning ishonchiga kirgan. Biroq to‘ydan avval muammolari borligi uchun uning uyini garovga qo‘yib turishni, muammolari hal bo‘lgach, unga uylanishini aytib, aldov yo‘li bilan uyni boshqa fuqaroga 240 ming AQSH dollariga sotib yuborgan.

Toshkent shahrida «kelinni chuv tushirgan» yigitga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va qamoq ehtiyot chorasi ko‘rilgan.

Tergov davomida yigit boshqa fuqarolarga nisbatan ham bir necha firibgarlik holatlarini sodir etgani aniqlangan. Ish hujjatlari Mirzo Ulug‘bek tuman sudiga ayblov xulosasi bilan yuborilgan, sud jarayoni boshlangan.

 

Mahkum 3-sinf o‘quvchisiga jinsiy tajovuz qildi

Bu hafta  jamiyat uchun og‘ir voqea yuz berdi va bu hodisa bizga  farzandlarimizning xavfsizligini himoya qilish, nazoratga olish qanchalik muhim ekanligini eslatdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Ohangaron tumanida 3-sinf qizni zo‘rlagan 31 yoshli mahkum haqida xabarlar tarqaldi va keng jamotchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi.

Toshkent viloyati Ichki ishlar boshqarmasiga ko‘ra, 1994 yilda tug‘ilgan mahkum 16 oktyabr kuni manzil-koloniyadan qochib, voyaga yetmagan shaxsga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir qilgan. Unga Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, ayblanuvchi 2018 yilda nomusga tegish jinoyati uchun aybdor deb topilib, 16 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazoni umumiy tartibdagi koloniyada o‘tayotgan mahkum 2024 yildagi sud ajrimiga ko‘ra, qolgan 9 yil-u 2 oylik muddatni o‘tash uchun manzil-koloniyaga o‘tkazilgan.

Ijtimoiy himoya milliy agentligi holatni nazoratga olib, jabrlanuvchi qizga psixologik va ijtimoiy yordam ko‘rsatish uchun ishchi guruh tuzdi. Hozir u birlamchi ko‘mak xonasida mutaxassislar nazoratida. Shuningdek, hibsxona xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi «v» bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

 

«Xalq hammasini bilib o‘tiribdi»

Samarqand viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Adiz Boboyev rahbarlarni pora olmaslikka chaqirdi

Boboyev korrupsiyaning davlatga bo‘lgan ishonchni susaytirishini ta’kidlab, bu illatni faqat jazolash orqali emas, balki oldini olish orqali yengish muhimligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yuqoridagi rahbarlar halol ishlasa, pastdagilar ham ularga ergashadi va tizim asta-sekin to‘g‘rilanadi.

Yig‘ilishda tuman va shahar hokimlari, huquqni muhofaza qilish organlari, ta’lim, sog‘liqni saqlash va boshqa idoralar vakillari ishtirok etdi.

 

Durov Luvr xazinalarni sotib olib, boshqa muzeyga bermoqchi

Dunyoni larzaga solgan shov-shuvli o‘g‘irlik sodir bo‘ldi. 19-oktabr kuni Parijdagi Luvr muzeyi o‘g‘irlikka uchradi. Noma’lum shaxslar Napoleon va Jozefina kolleksiyalariga tegishli to‘qqizta zargarlik buyumlarini olib chiqib ketgan.

Telegram asoschisi Pavel Durov Fransiyadagi mashhur Luvr muzeyidan qimmatbaho javohirotlar o‘g‘irlangani haqidagi yangilikka izoh berdi. Uning fikricha, bu voqea mamlakatning umumiy inqirozini namoyon etmoqda.

«Luvr talon-toroj qilinishi men uchun umuman hayratlanarli emas. Bu — bir paytlar buyuk bo‘lgan mamlakatning tanazzul belgisidir. Hukumat odamlarni haqiqiy muammolardan chalg‘itish san’atini mukammal darajada o‘zlashtirgan», — deb yozdi Durov ijtimoiy tarmoqdagi  sahifasida.

Post ostidagi izohlardan birida foydalanuvchi undan «o‘g‘irlikni o‘zingiz amalga oshirdingizmi?» deb so‘raganida, Durov shunday javob berdi:

«Men o‘g‘irlangan javohirotlarni mamnuniyat bilan sotib olib, Luvrga qaytaraman. Albatta, so‘z Abu-Dabi Luvri haqida — u yerdan hech kim hech narsa o‘g‘irlamaydi».deydi u

Ma’lumot uchun, hanuzgacha Luvrni tunagan o‘g‘rilar qo‘lga olinmagan.

 

O‘zbek nonlarini dunyodagi eng sara nonlar qatorida

CNN Travel portali o‘zbek nonlarini nafaqat mazasi, balki nafis dizayni va an’anaviy tandirda pishirilishi bilan dunyodagi eng yaxshi 50 ta non turi qatoriga kiritdi.

Nashrda O‘zbekistonda non nafaqat taom, balki milliy san’at sifatida qadrlanishi ta’kidlangan. Tandir nonlari turli naqshlar va o‘ymalar bilan bezatiladi, bu esa ularni badiiy asarga aylantiradi.

O‘zbek nonlari mintaqalarga qarab farqlanadi: Toshkentdagi yumshoq nonlar, Samarqandning qora sedanali patirlari va boshqalar yurt milliy an’analarini aks ettiradi.

Nonlar tandirdan chiqishi bilanoq velosipeddagi yetkazib beruvchilar tomonidan bozor va choyxonalarga issiq holda yetkaziladi, bu esa xalqning mehmondo‘stligi va mehnatsevarligini ko‘rsatadi.

Teglar

Mavzuga oid