
Belgorod to‘liq qorong‘ilikka cho‘mdi: TESdagi portlashdan so‘ng shaharda blekaut
29.09.2025 | 08:4111423
28 sentyabr kuni Rossiyaning Belgorod shahrida kuchli portlashlar va yong‘indan so‘ng butun shahar va ayrim rayonlar qorong‘ilikka cho‘mdi. Elektr, suv va internet uzilib, hayot to‘xtadi.

28 sentyabr, yakshanba kuni soat mahalliy vaqt bilan 18:45 atrofida Belgorod shahrida bir nechta kuchli portlash sodir bo‘ldi. Rossiya Telegram-kanallari xabariga ko‘ra, Belgorod issiqlik elektr sentrali (TES) va «Luch» elektrnimstansiyasi noma’lum raketa zarbasiga uchragan. Hodisadan so‘ng shaharda yoppasiga elektr uzilishi ro‘y berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda portlashdan keyin ob’ektlar ustida qora tutun ko‘tarilayotgani ko‘rinadi. Shahar aholisi elektr chiroq nuri, suv va internet aloqasi yo‘qolgani, liftlar ishdan to‘xtagani, do‘konlar faqat naqd pulda xizmat ko‘rsatayotgani yoki umuman yopilganidan shikoyat qilmoqda. Jamoat transporti uzilishlar bilan harakatlanmoqda, ko‘chalarda chiroq va svetoforlar ishlamay qolgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Stariy Oskol, Gubkin, Shebekino, Chernyanka, Korocha, Dubovoye va Severniy rayonlarida ham zulmat kuzatilgan.
Belgorod oblasti gubernatori Vyacheslav Gladkov hodisadan bir soat o‘tib infratuzilmaga zarba berilganini tasdiqladi. «Elektr ta’minotida jiddiy uzilishlar mavjud. Barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda. Zarur ob’ektlar zaxira generatsiyaga ulandi», — dedi u.
Shu bilan birga, Gladkov aholini raketa va dron xavfi haqidagi ogohlantirishlarda ham uzilishlar bo‘lishi mumkinligi haqida ogohlantirdi.





