add

Besh yilda barcha maktab bitiruvchilari sun’iy intellekt bo‘yicha yetarli bilim oladi» — Prezident

30.06.2025 | 14:454186

Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan uchrashuvda maktablarda sun’iy intellekt ta’lim tizimini joriy etish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni ish bilan ta’minlash va kasbiy rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni taqdim etdi.

Besh yilda barcha maktab bitiruvchilari sun’iy intellekt bo‘yicha yetarli bilim oladi» — Prezident
Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida ta’kidlanishicha, hozirda O‘zbekiston maktablarida 19 ming 500 nafar informatika o‘qituvchisi faoliyat yuritmoqda. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi Massachusets texnologiya institutining sun’iy intellekt ta’lim dasturi asosida o‘quv dasturlarini to‘liq yangilaydi. Joriy yilda har bir viloyatdan 100 nafar informatika o‘qituvchisi Yangi O‘zbekiston universitetida o‘qitiladi. Ushbu o‘qituvchilar keyingi ikki yilda o‘z hududlaridagi barcha informatika o‘qituvchilarini kaskad usulida qayta tayyorlaydi. Prezident besh yil ichida barcha maktab bitiruvchilari sun’iy intellekt bo‘yicha yetarli bilim olishiga erishish maqsad qilib qo‘yilganini bildirdi. «Raqamli avlod qizlari» tanlovida 7 mingdan ortiq o‘quvchi va talabaning ta’lim, sun’iy intellekt, «yashil» iqtisodiyot va iqlim o‘zgarishi yo‘nalishidagi 120 ta startap loyihasi tanlab olingan. Bu yil kamida 50 ming nafar qizlar mazkur loyiha bilan qamrab olinadi. Prezident startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun 145 million dollar venchur sarmoya ajratilganini ma’lum qildi va bu raqam 1 milliard dollarga yetkazilishini maqsad qilib belgiladi. Maktablarda «mohirlik va biznes soati» joriy etilib, o‘quvchilarning g‘oyalarini amalga oshirish uchun 100 mld so‘m grant ajratiladi. Oliygohlar o‘rtasida «Eng yaxshi kreativ g‘oya» tanlovi o‘tkaziladi va g‘oliblarga 300 million so‘mgacha grant beriladi. Innovatsiya agentligi va IT-park RnD markazi orqali startaplarni prototipga aylantirish va sinovdan o‘tkazish uchun sharoit yaratiladi. Yoshlar venchur jamg‘armasi tomonidan prototip yaratish xarajatlarining 50 ming dollargacha qismi qoplab beriladi. Shuningdek, har yili «Startap-ekspo» ko‘rgazmasi tashkil etiladi. Prezident ta’kidlaganidek, hozir 1 million yoshlar turli sanoat va ishlab chiqarish tarmoqlarida faoliyat yuritmoqda. Sanoat, servis va qishloq xo‘jaligida yoshlarning kasbiy rivojlanishi uchun ham yangi tizim joriy etiladi. Respublika miqyosida yoshlar o‘rtasida kasbiy musobaqalar o‘tkaziladi va tarmoq rahbarlari har yili 100 nafar yoshni xorijiy stajirovkaga yuborish uchun 10 mlrd so‘m ajratadi. Maktab bitiruvchilari, texnikum va oliygoh talabalarini ish bilan ta’minlash uchun 300 million dollar mablag‘ ajratiladi. «Yoshlar biznesi» va «Kelajakka qadam» dasturlari orqali 240 ming yosh ish bilan ta’minlanadi. Bandlik vazirligi, Savdo-sanoat palatasi va Milliy bank yoshlar va ish beruvchilar o‘rtasida onlayn platforma yaratadi. «Harakatda daromad» elektron tizimi orqali ta’tildagi 3 million yoshni vaqtinchalik ishga jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, har yili yuqori sinf o‘quvchilari uchun «Mening kasbim» tanlovi tashkil etiladi.

Teglar

Mavzuga oid