
Binance O‘zbekiston fuqarolari uchun P2P-xizmatni to‘xtatdi
29.05.2025 | 13:4013573
Dunyodagi eng yirik kriptovalyuta birjasi Binance 2025 yil 27 maydan boshlab O‘zbekistondagi foydalanuvchilar uchun o‘zining P2P-platformasini yopishini e’lon qildi. Bu haqda kompaniya rasmiy bayonot berdi.

Binance'ning ma’lum qilishicha, foydalanuvchilar hozircha boshqa xizmatlardan foydalanishda davom etishlari mumkin. Biroq, P2P orqali operatsiyalar, shuningdek, HUMO to‘lov tizimi orqali pul kirim va chiqim amaliyotlari to‘xtatiladi.
Birja bu qarorning aniq sabablarini ochiqlamadi. Shunga qaramay, Binance quyidagicha izoh berdi: «Jamoamiz mahalliy regulyator talablariga rioya qilish ustida faol ish olib bormoqda. Biz barcha foydalanuvchilar uchun xavfsiz va qonuniy muhit yaratishga sodiqmiz».
Ushbu qaror bilan bir vaqtda Binance UZS bilan bog‘liq savdo juftliklarini ham delist qilishini ma’lum qildi. Jumladan, USDT/UZS, BTC/UZS, ETH/UZS kabi juftliklar savdosi to‘xtatildi.
Birja o‘z bayonotida fiat kanallarni HUMO orqali tiklash niyati borligini bildirdi, ammo bu endi P2P orqali amalga oshirilmaydi. Qayta tiklash muddati hozircha ma’lum emas.
Kompaniya ta’kidlashicha, UZSni to‘xtatish — O‘zbekiston qonunchiligiga rioya etishga qaratilayotgan harakatlar doirasida amalga oshirilgan muhim qadamdir. Binance o‘z faoliyatini mahalliy hamkor — «COINPAY» MCHJ orqali davom ettirishini ma’lum qildi.
Shuningdek, foydalanuvchilar bank kartalari va milliy to‘lov tizimlari orqali hali ham pul o‘tkazmalari va yechib olish amaliyotlarini amalga oshirishlari mumkin. Binance foydalanuvchilar mablag‘lari xavfsizligi to‘liq ta’minlanganini yana bir bor ta’kidladi.





