
Bir kunda faqat bitta bankdan onlayn kredit olish mumkin
Fuqarolar bir sutkada birgina kredit tashkiloti orqali onlayn kredit rasmiylashtira oladi.

O‘zbekistonda onlayn kreditlash amaliyotida yangi cheklov joriy etildi. Endilikda jismoniy shaxs bir kalendar kun ichida faqat bitta bank yoki kredit tashkilotidan onlayn kredit olish huquqiga ega bo‘ladi. Bu tartib ortiqcha qarzdorlik va moliyaviy xavflarni kamaytirishga qaratilgan.
Nizomga muvofiq, onlayn kredit olish uchun ariza berilganda, kredit tashkiloti avvalo foydalanuvchi ma’lumotlarini Kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestri orqali tekshiradi. Agar fuqaro haqidagi ma’lumotlar ushbu reyestrda mavjud bo‘lmasa, kredit berish jarayoni davom ettiriladi.
Bir vaqtning o‘zida bir nechta ariza yuborilsa qaysi biri tasdiqlanadi?
Yangi qoidalarga ko‘ra, agar bir JSHSHIR bo‘yicha bir vaqtning o‘zida bir nechta kredit tashkiloti tomonidan so‘rov yuborilsa, Kredit byurosi faqat birinchi bo‘lib kelib tushgan so‘rovga javob qaytaradi. Bu orqali parallel ravishda bir nechta onlayn kredit olish imkoniyati cheklanadi.
Birinchi bo‘lib so‘rov yuborgan kredit tashkiloti mazkur JSHSHIR bo‘yicha onlayn kredit rasmiylashtirilganini tasdiqlasa, kredit byurolari boshqa kredit tashkilotlariga 24 soat davomida ushbu shaxs bo‘yicha yangi so‘rovlar qabul qilinmasligi haqida axborot yuboradi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu mexanizm moliya bozorida shaffoflikni oshirish, aholining qarz yukini nazorat qilish va iste’molchilarni haddan ortiq majburiyatlardan himoya qilishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, banklar uchun ham mijozlarni baholashda yagona va aniq tartib shakllanadi.
Eslatib o‘tamiz, onlayn kredit firibgarligi qurbonlari jabrlanuvchi deb topilsa, ulardan qarz va foizlarni undirish bekor qilinadi.





