
Bir oylik qisqarishdan so‘ng aholi omonatlari yana faol o‘sdi
O‘zbekiston banklarining kredit portfeli oktabr oyida 10,6 trln so‘mlik o‘sishi kuzatilib umumiy 592,9 trln so‘mga yetgan. Depozitlar esa 6,1 trln so‘mga oshdi.

Markaziy bank 2025-yilning 1-noyabr holatiga ko‘ra tijorat banklarining kredit va depozit to‘g‘risidagi hisobotini e’lon qildi.
Qayd qilinishicha, O‘zbekiston banklarining jami kredit portfeli 592,9 trln so‘mga yetgan. Shundan 213,9 trln so‘m jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lsa, 379,1 trln so‘mi yuridik shaxslar tomonidan olingan.
Davlat banklari orasida kredit bo‘yicha yetakchilikni 104,8 trln bilan O‘zmilliybank egallagan. Undan keyin Agrobank (80 trln so‘m), O‘zsanoatqurilishbank (66,4 trln so‘m) va Asakabank (42,4 trln so‘m) turadi.
Xususiy, ya’ni davlat ulushi bo‘lmagan banklar orasida esa Ipoteka va Kapital bankning kredit portfeli eng yuqori ko‘rsatkichda, ya’ni ikkalasi ham 35 trln so‘mdan yuqori.
Depozit
Oktabr oyi davomida banklarning depozit portfeli 6,1 trln so‘mga ortib, 377,6 trln so‘mga yetdi. Aholi omonatlari 4,5 trln so‘mga ortib, 148,6 trln so‘mga yetdi.
Eng ko‘p depozit jamg‘argan banklar — O‘zmilliybank (47,8 trln so‘m), Kapital bank (40,7 trln so‘m) va Agrobank (29,7 trln so‘m) bo‘lgan.
Oktyabr oyida depozitlarni eng ko‘p jalb qilgan banklar orasida Asakabank birinchi o‘rinni egalladi — oylik o‘sish 2,3 trln so‘mni tashkil qildi. Undan keyin Aloqabank va Kapitalbank joylashib, har biri 1,1 trln so‘m miqdorida yangi depozit jalb etdi.





