add

Birinchi yarim yillikda yengil avtomobil savdosi pasaydi — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

16.07.2025 | 17:0017297

2025 yilning yanvar-iyun oylarida mamlakatda jami 446 mingta yengil avtomobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 23 foizga kam.

Birinchi yarim yillikda yengil avtomobil savdosi pasaydi — Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
2025 yil boshidan buyon O‘zbekistonda avtomobil bozorida nisbatan barqaror faollik kuzatilmoqda. Garchi mavsumiy omillar tufayli savdoda pasayish tendensiyasi kuzatilgan bo‘lsa-da, iyun oyida birlamchi bozorda savdolar biroz tiklandi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (ITIM) tahlillariga ko‘ra, may oyiga nisbatan iyunda yengil avtomobillar savdosi 3 foizga oshgan va bu 80 ming dona avtomobil realizatsiyasini anglatadi. Shunga qaramay, yil boshidan iyun oyigacha bo‘lgan davrda avtomobil savdosi umumiy hajmi 446 ming donani tashkil etib, bu o‘tgan yilning shu davridagidan 23 foiz kamdir. Mazkur pasayish, asosan, ikkilamchi bozorda faoliyat susaygani bilan bog‘liq. Aynan shu segmentdagi sustlik umumiy bozor dinamikasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.  

Yangi avtomobillar bozorida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

Yilning iyun oyida O‘zbekistonda birlamchi avtomobil bozori biroz jonlandi. O‘tgan oyga nisbatan savdolar 10 foizdan ko‘proqqa oshib, 2,6 mingta avtomobilga ko‘paydi. Mahalliy ishlab chiqarilgan yangi yengil avtomobillarga talab yuqorilab, 23,7 ming dona mashina sotildi. Bu o‘tgan oyga qaraganda 15,6 foizga ko‘p demakdir. Biroq, yangi xorijiy yengil avtomobillar segmentida savdo pasaydi. Bu bozor bo‘yicha iyun oyida atigi 4 mingta avtomobil sotilgan bo‘lib, bu o‘tgan oyga nisbatan 12,6 foizga kamdir.  

Ikkilamchi avtomobil bozoridagi holat

Iyun oyida O‘zbekistonda 52 mingdan ortiq ishlatilgan yengil avtomobil sotildi. Bu ko‘rsatkich may oyiga nisbatan deyarli o‘zgarmagan — atigi 0,4 foizga kam. Yillik hisobda esa ikkilamchi bozorda savdo 1,3 foizga oshgan.  

Elektromobillar bozori

Iyun oyida elektromobil savdosi 5,1 ming donani tashkil etdi. Bu may oyiga qaraganda 1,7 foizga kam. Garchi oy davomida ozgina pasayish kuzatilgan bo‘lsa-da, umumiy ko‘rsatkichlar barqaror o‘sishni ko‘rsatmoqda. Yilning dastlabki olti oyida mamlakatda jami 28,8 mingta elektromobil sotilgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 62,6 foizga ko‘pdir.Elektromobilga talab ayniqsa Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida keskin oshgani kuzatildi.  

O‘zbekistonda aholiga tegishli avtomashinalar soni nechta?

Milliy statistika qo‘mitasi 2025 yil 1 aprel holatiga mamlakat hududida jismoniy shaxslarga tegishli avtotransport vositalari soni bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hisobot davrida O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli 4 million 522,1 ming dona avtotransport vositasi ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning asosiy qismini yengil avtomobillar tashkil etib, umumiy avtotransport vositalarining 93 foizini tashkil qilmoqda. Qo‘mita hisobotiga asosan 2025 yilning dastlabki uch oyida avtomobillar soni 79,8 ming taga oshgan. Jismoniy shaxslarga tegishli avtotransport vositalarining turlari bo‘yicha holat quyidagicha:
  • Енгилavtomobillar — 4 million 207,6 ming dona
  • Юкavtomobillarи — 293,3 ming dona
  • Mikroavtobuslar —7,7 ming dona
  • Махсустранспорт vositalari — 7,4 ming dona
  • Avtobuslar —6,1 ming dona.
 

Elektromobillar soni

2025 yilning 1 aprel holatiga O‘zbekistonda 65,2 mingta elektromobil ro‘yxatga olingan. Hududlar bo‘yicha elektromobillar soni:
  • Toshkent shahri — 49 736 dona;
  • Toshkent viloyati — 4 512 dona;
  • Samarqand viloyati — 1 739 dona;
  • Xorazm viloyati — 1 415 dona;
  • Farg‘ona viloyati — 1 376 dona;
  • Qashqadaryo viloyati — 1 338 dona;
  • Buxoro viloyati — 1 133 dona;
  • Navoiy viloyati — 901 dona;
  • Andijon viloyati — 878 dona;
  • Namangan viloyati — 700 dona;
  • Qoraqalpog‘iston Resp. — 525 dona;
  • Sirdaryo viloyati — 404 dona;
  • Jizzax viloyati — 302 dona;
  • Surxondaryo viloyati — 198 dona.
  Mehrinoza Farmonova tayyorladi.  

Teglar

Mavzuga oid