
Bitcoin narxi rekord darajada — $122 000 ga yaqinlashdi
14.07.2025 | 13:4514982
Jahon kriptovalyuta bozorida yangi tarixiy voqea qayd etildi — Bitcoin narxi ilk marta $121 214 darajasiga yetdi. Bu ko‘rsatkich uning shu paytgacha qayd etilgan eng yuqori narxi hisoblanadi.
Raqamli aktivning bu darajaga chiqishi xalqaro bozordagi faollikning ortishi va kriptovalyutalarga bo‘lgan ishonchning kuchayishi bilan izohlanmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oxirgi oylarda institutsional sarmoyadorlar soni ortib, bozorda talab oshgan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil aprel oyida AQSH va Xitoy o‘rtasida yuzaga kelgan boj urushi tufayli Bitcoin narxi $76 000 gacha pasaygan edi. Shundan so‘ng bozorda barqarorlik kuzatilib, aktiv narxi tez sur’atda tiklana boshladi.
Ekspertlar fikricha, agar tendensiya saqlansa, Bitcoin narxi yaqin oylarda yanada oshib, yana yangi rekordlarni o‘rnatishi mumkin. Biroq ular hanuzda katta xatarlar mavjudligini va bozordagi keskin o‘zgarishlar ehtimolini ham rad etmayapti.





