
Bitkoin 56 ming dollargacha tushishi mumkin: bu yomon ssenariyda
CryptoQuant tahlilchilari kriptobozorda «ayiq sikli» boshlanganini aytib, bitkoin narxi yaqin oylarda keskin pasayishi mumkinligini ogohlantirmoqda.

Kriptovalyuta bozorida salbiy trend kuchayib bormoqda. CryptoQuant tahlil platformasi talabning keskin pasayishi fonida bitkoin uchun «ayiq sikli» (maksimumlardan 20 foizdan ortiqroq narx qulash davri) boshlanganini ma’lum qildi. Mutaxassislar hisob-kitoblariga ko‘ra, yaqin oylarda bitkoin narxi 70 ming dollargacha pasayishi, eng yomon ssenariyda esa 56 ming dollarga tushishi mumkin.
Tahlilchilar talabning pasayishini 2025 yil noyabr oyidan boshlab qayd etmoqda. Ilgari bitkoin narxini yuqorida ushlab turgan asosiy omillar o‘z ta’sirini yo‘qotgan. AQSHda spot bitkoin ETFlarining joriy etilishi, saylov kampaniyalari va yirik kompaniyalarning kriptoaktivlarga qiziqishi narx o‘sishining asosiy drayverlari bo‘lgan edi. Ammo oktabrdan boshlab bozordagi talab o‘rtacha ko‘rsatkichlardan pastga tushgan.
Institutsional investorlar ham narxga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 2025 yilning to‘rtinchi choragida amerikalik ETFlar taxminan 24 ming bitkoinni sotgan. Bu esa ularning strategiyasi faol xariddan aktiv sotuvga o‘tganini anglatadi va bozordagi bosimni kuchaytirgan.
CryptoQuant tahlilchilari bitkoin uchun ikki asosiy pasayish darajasini ajratib ko‘rsatmoqda. Birinchi daraja — 70 ming dollar bo‘lib, unga 3–6 oy ichida yetib borish ehtimoli bor. Ikkinchi, uzoq muddatli minimal ko‘rsatkich esa 56 ming dollar deb baholanmoqda. Bu raqam aylanmadagi barcha bitkoinlarning o‘rtacha xarid narxiga to‘g‘ri keladi va tarixan aynan shu nuqtada medvejiy sikllar yakunlangan.
Shu bilan birga, mutaxassislar bu ssenariy amalga oshsa ham, pasayish nisbatan yumshoq bo‘lishini ta’kidlamoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, ehtimoliy pasayish eng yuqori qiymatdan taxminan 55 foizni tashkil etadi, bu bitkoin tarixidagi eng yengil sikllardan biri bo‘lishi mumkin.
Texnik indikatorlar ham salbiy signallar bermoqda. Fyuchers bozorida moliyalashtirish stavkalari 2023 yil dekabridan beri eng past darajaga tushgan. Bu treyderlarning o‘sishga ishonchi kamayganini ko‘rsatadi. Shuningdek, bitkoin narxi 365 kunlik harakatlanuvchi o‘rtacha ko‘rsatkichdan pastga tushib ketgan, bu esa bozor fazasining o‘zgarishini anglatadi.
Shu bilan birga, yirik moliya institutlari hali ham optimistik prognozlarni saqlab qolmoqda. Ayrim banklar kelasi yillarda bitkoin narxi yangi rekordlarga chiqishi mumkinligini istisno etmayapti. Biroq CryptoQuant baholashlariga ko‘ra, qisqa va o‘rta muddatda bozor uchun asosiy xavf pasayish ssenariysi bo‘lib qolmoqda.





