
BMT Xavfsizlik Kengashi Eron bo‘yicha favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi
23.06.2025 | 10:207123
AQSHning Eronga qarshi amalga oshirgan zarbalari ortidan BMT Xavfsizlik Kengashi favqulodda yig‘ilish o‘tkazdi. Yig‘ilishda ishtirok etgan Buyuk Britaniya va MAGATE vakillari harbiy keskinlik o‘rniga diplomatik yechimga chaqiriq yo‘llashdi.
Buyuk Britaniyaning BMTdagi elchisi Barbara Vudvord mamlakatning bu zarbalarida ishtirok etmaganini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, Britaniya uchun asosiy ustuvorlik — vaziyatni keskinlashtirmasdan, deeskalatsiyani qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi.
Vudvord Eronning yadroviy dasturi xalqaro xavfsizlik uchun jiddiy tahdid ekanini ta’kidlab, harbiy yechimlar bilan muammoni bartaraf etib bo‘lmasligini bildirdi. U barcha tomonlarni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirdi.
Yig‘ilishda Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik rahbari Rafael Grossi ham so‘zga chiqdi. U hali diplomatik yechim uchun imkoniyatlar mavjudligini aytib, bu “imkoniyatlar oynasi”ni yopmaslik zarurligini ta’kidladi. Aks holda, u zo‘ravonlik avj olishi va yadroviy qurollarni tarqatmaslik tizimi qulashi mumkinligi haqida ogohlantirdi.
AQSH prezidenti Donald Tramp esa “Truth Social”dagi chiqishida Erondagi yadroviy inshootlarga kuchli zarbalar berilganini ma’lum qildi. Uning aytishicha, B-2 bombardimonchi samolyotlari Missuri shtatidagi bazasiga qaytgan.
Ma’lumot uchun, 22 iyun kuni AQSH Eronning bir qator ob’ektlariga havo zarbalari bergan edi.





