add

BMTda 14 davlat Isroilni G‘azodagi ocharchilikda aybladi — birgina AQSH qarshi chiqdi

29.08.2025 | 12:207674

BMT Xavfsizlik kengashining 15 a’zosidan 14 tasi G‘azoda yuzaga kelgan ocharchilikni sun’iy deb topdi va buning uchun Isroilni javobgar deb atadi.

BMTda 14 davlat Isroilni G‘azodagi ocharchilikda aybladi — birgina AQSH qarshi chiqdi
BMT Xavfsizlik kengashining Nyu Yorkdagi sessiyasida G‘azoda ocharchilik avj olgani keskin muhokama qilindi. Fransiya va Buyuk Britaniya kabi Isroilning g‘arblik ittifoqchilari ham qo‘shilib, 14 davlat «ocharchilik sun’iy ravishda yaratilgan inqiroz» ekanini ta’kidladi. Faqat AQSH bu bayonotga qarshi chiqdi. Hujjatda «G‘azodagi ocharchilikni to‘xtatish darhol amalga oshirilishi lozim. Vaqt o‘tib bormoqda. Isroil o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqishi shart», deya ta’kidlandi. Kengash a’zolari Isroildan barcha cheklovlarni bekor qilish, yordam yetkazilishini kafolatlash, barcha garovdagilarni ozod qilish va doimiy o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildi. Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi tizimi — IPC ma’lumotlariga ko‘ra, G‘azoda rasman ocharchilik qayd etilgan. 514 ming aholi (taxminan har to‘rtinchi kishi) o‘ta og‘ir qiyinchilikka uchragan, sentyabr oxirigacha bu ko‘rsatkich 641 mingga yetishi mumkin. Isroil bu xulosalarni «yolg‘on va noxolis» deya rad etdi, mutaxassislar XAMAS tomonidan berilgan ma’lumotlarga asoslanayotganini pisanda qildi. AQSHning BMTdagi vaqtinchalik vakili Doroti Shi ham hisobot ishonarli emasligini aytdi, ammo shunday dedi: «Hammamiz G‘azoda ocharchilik chinakam bo‘y ko‘rsatayotgan muammo ekanini tushunamiz va humanitar ehtiyodlar bor. Bu ehtiyojlarni qanoatlantirish AQSH uchun ustuvor masala». Shunga qaramay, Vashington Isroil o‘z oldidagi muammolarni hal qilayotgani va yetarli miqdorda insonparvarlik yordamlari yetkazayotganini ta’kidlab, BMTda Isroilga yon bosuvchi yagona davlat bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, AQSH prezidenti Donald Tramp 27 avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda G‘azodagi ocharchilikka e’tibor qaratdi va Isroilni muammoni hal etishni «tezlashtirishga» chaqirdi.  

Teglar

Mavzuga oid