
«Bog‘chani buzish haqida»gi video noto‘g‘ri talqin qilindi — Buxoro viloyati hokimligi
13.06.2025 | 10:0050323
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda viloyat hokimi Botir Zaripov og‘zidan yangragan «buzib tashla» so‘zi xususiy bog‘chaga emas, davlat bog‘chasi hududidagi noqonuniy qurilmaga nisbatan aytilgan, deyiladi rasmiy raddiyada.
Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi ishchi guruh shu yilning 22 may kuni 1961 yilda qurilgan, 140 o‘rinli 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida olib borilayotgan kapital ta’mir ishlarini o‘rgandi. Shu vaqtda hokim ta’mirlash jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan mas’ullarga topshiriqlar bergan.
O‘rganish chog‘ida bog‘cha hududidagi noqonuniy holatlar, jumladan, ovqatlanish shoxobchasi egasi tomonidan ruxsatsiz ochilgan kirish-chiqish yo‘lagi, yuqori kuchlanishli transformatorning xavfsizlik talablariga javob bermasligi haqida tanqidlar bildirilgan. Ayni videodagi «buzib tashla» so‘zi ana shu noqonuniy yo‘lakka nisbatan aytilgan.
Viloyat hokimligi ta’kidlashicha, bu ishda asosiy maqsad — bog‘chaga qatnayotgan bolalar xavfsizligini ta’minlash hamda kelib chiqishi mumkin bo‘lgan noxush holatlarning oldini olish bo‘lgan.
Ommaviy muhokamalarda bu so‘zlar «xususiy bog‘chani buzish»ga doir ko‘rsatma sifatida noto‘g‘ri talqin qilingan. Viloyat hokimligi bu fikrni rad etib, hech qanday noqonuniy buzish ishlari amalga oshirilmaganini ma’lum qilmoqda.
Masala bo‘yicha shaxar hokimining o‘rinbosariga intizomiy chora ko‘rilgan, noqonuniy yo‘lak bartaraf etilgan. Bunday holatlarni bartaraf etish boshqa muassasalarda ham davom ettiriladi.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati OAV va blogerlar bilan doimiy hamkorlikka tayyorligini bildirgan.





