
Bojxona qo‘mitasi IMEI uchun $400 to‘lov haqidagi mish-mishlarga oydinlik kiritdi
16.07.2025 | 18:3034082
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish to‘lovi $400 gacha oshgani haqidagi xabarlar keng tarqaldi. Bojxona qo‘mitasi bu ma’lumotlarni rad etdi va to‘lov faqat noqonuniy olib kirilgan qurilmalarga nisbatan, yagona bojxona to‘lovi tarzida amalga oshirilishini ma’lum qildi.

Bojxona qo‘mitasi IMEI-kodlar uchun to‘lov 30–40 dollardan 400 dollarni tashkil etmoqda, degan xabarlarga munosabat bildirdi. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, mobil qurilmaning IMEI-kodini ro‘yxatga olish uchun rasmiy to‘lov hozirgi kunda ham Bazaviy hisoblash miqdorining 20 foiziga teng bo‘lib, 75 ming so‘mni tashkil qiladi va bu summanida hech qanday o‘zgarish yuz bermagan.
Ammo, agar qurilma O‘zbekistonga noqonuniy olib kirilgan yoki deklaratsiya qilinmagan bo‘lsa, bunday hollarda uning IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun qurilmaning bojxona qiymatidan 30% miqdorida yagona bojxona to‘lovi undiriladi. Masalan, $1000 qiymatdagi telefon uchun bu summa $300 bo‘ladi.
Qo‘mita qayd etishicha, IMEI to‘lovining yuqori ko‘rinishi aynan shu to‘lov bilan bog‘liq. Ya’ni, fuqarolar bunday holatlardagi to‘lovni IMEI-kodni ro‘yxatga olish uchun belgilangan rasmiy to‘lov sifatida noto‘g‘ri talqin qilmoqda.





