
Bolalar ombudsmani Jizzaxda zaharlangan bolalar holidan xabar oldi
11.10.2025 | 09:0019824
Forish tumanida bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari orasidagi ovqatdan ommaviy zaharlanish holati bo‘yicha tergov davom etmoqda, to‘rt nafar bola shifoxonada qolmoqda.

Jizzax viloyatining Forish tumanida bolalar bog‘chasi tarbiyalanuvchilari orasida sodir bo‘lgan ommaviy zaharlanish holati bo‘yicha tergov harakatlari hali ham davom etmoqda. Bu haqda Bolalar ombudsmani apparati matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ombudsman vakillari Forish tumani tibbiyot birlashmasiga borib, zaharlanishdan jabrlangan bolalar bilan suhbatlashdi hamda ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam holatini o‘rgandi. 10 oktyabr kuni kechga qadar shifoxonada 4–6 yosh oralig‘idagi to‘rt nafar bola — ikki o‘g‘il va ikki qiz davolanishni davom ettirayotgani ma’lum qilindi. Ular shifokorlar kuzatuvida bo‘lib, ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.
Ombudsman bolalarning ota-onalari va tibbiy personal bilan ham uchrashib, davolash jarayoni hamda ularning ruhiy holati bilan yaqindan tanishdi.
Eslatib o‘tamiz, 8 oktyabr kuni tumandagi 1-, 3-, 5- va 7-sonli davlat bog‘chalarida tarbiyalanayotgan 37 nafar bolada ovqatdan zaharlanish belgilari — isitma, qayt qilish, qorin og‘rig‘i va holsizlik kuzatilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular o‘sha kuni biokefir, pishloq va saryog‘ iste’mol qilganidan so‘ng o‘zini yomon his qilgan.
Forish tumani prokuraturasi mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi («Hokimiyat yoki lavozim vakolatini suiiste’mol qilish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Hozirda surishtiruv ishlari olib borilmoqda, zaharlanish sabablari va mas’ul shaxslar aniqlanmoqda.
Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumoticha, 10 oktyabr holatiga ko‘ra ikki nafar bola shifokorlar nazoratida bo‘lgan. Biroq viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi avvalroq olti nafar bemor statsionarda davolanayotganini ma’lum qilgan edi.





