add

Bolalar zaharlanishi ortidan tuzilgan ishchi guruh, dam olishga chiqqan prezident va mintaqada yetakchilik qilayotgan so‘m — 29 sentyabr dayjesti

29.09.2025 | 22:0615378

Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar va hodisalar, yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Bolalar zaharlanishi ortidan tuzilgan ishchi guruh, dam olishga chiqqan prezident va mintaqada yetakchilik qilayotgan so‘m — 29 sentyabr dayjesti
Qirg‘iziston «Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» temiryo‘lini qurishni jadallashtirmoqda Qirg‘izistonda «Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston» xalqaro temiryo‘li qurilishi amaliy bosqichga o‘tdi. Vazir o‘rinbosari Baqit Torobayevning ma’lum qilishicha, hozirda tonnellar qazish, vaqtinchalik infratuzilma barpo etish va tashkiliy ishlar boshlangan. Hukumat loyihani to‘liq qo‘llab-quvvatlab, uning ekologik va xavfsizlik jihatlariga ham e’tibor qaratmoqda. Temiryo‘l mahalliy kompaniyalar va aholining ishtirokida qurilib, yuk tashish hajmini oshirishi hamda mintaqada strategik transport yo‘lagini yaratishi kutilmoqda. Shuningdek, iqtisodiy zonalar tashkil etish va mutaxassislar tayyorlash uchun Akademiya ochish rejalashtirilgan. Loyiha do‘stlik va hamkorlik ramzi sifatida baholanmoqda.   Prezident mehnat ta’tiliga chiqdi Prezident matbuot xizmatining xabar berishicha, Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 29 sentyabrdan qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqdi. Prezident ta’tilda vaqti uning vakolatlari hech kimga topshirilmaydi. Ma’lumot uchun, oxirgi marta Prezident 2025 yil 6 yanvardan qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqib, 2025 yil 10 yanvar sanasida mehnat ta’tilidan qaytgan edi. Undan oldin Prezident Shavkat Mirziyoyev 2024 yil 26 iyuldan qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqib, 2024 yil 5 avgust sanasida qisqa muddatli mehnat ta’tilidan qaytgan edi. Undan avval esa Prezident 2024 yil 22 aprel sanasida qisqa muddatli mehnat ta’tiliga chiqib, 2024 yil 29 aprel sanasida qisqa muddatli mehnat ta’tilidan qaytgan edi.   Bosh prokuratura bolalar zaharlanishi yuzasidan ishchi guruh tuzdi Toshkent viloyatida bog‘cha bolalarining ommaviy zaharlanishi yuzasidan olib borilayotgan tergov ishini sinchkovlik bilan, to‘la va sifatli o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida jinoyat ishi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olindi. Idora matbuot xizmati tomonidan e’lon qilingan bayonotda qayd etilishicha, Bosh prokurorning birinchi o‘rinbosari B.Valiyev rahbarligidagi maxsus ishchi guruh tuzilgan. Rasmiy bayonotda keltirilishicha, tergov davomida ushbu hududlarda autsorsing korxonalar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berilgan barcha maktabgacha ta’lim muassasalaridagi tarbiyalanuvchilar to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilishi, tashxis-davolash ishlari tashkil etilgan. Hozirda, tibbiy yordam ko‘rsatilgan bolalar orasida og‘ir va o‘ta og‘ir darajada kasallanganlar mavjud emas, vaziyat shifokorlarning to‘liq nazoratida.   So‘m mintaqada yetakchilikni saqlab qolmoqda Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, besh kun ichida so‘m 0,8 foizga kuchaygan. Shu bilan birga, rubl 0,5 foizga mustahkamlangan bo‘lsa, tenge esa 0,3 foizga qadrsizlanishnini boshdan kechirdi Ekspertlar ta’kidlashicha, so‘mning barqarorligi ichki bozorda talab va taklif muvozanatining saqlanishi hamda tashqi omillarning cheklangan ta’siri bilan izohlanadi. Shu tariqa, mintaqaviy valyutalar orasida so‘m hozircha yetakchi pozitsiyada qolmoqda. Uning barqarorligi ichki moliyaviy siyosatning izchilligi va bozor omillarining muvozanati bilan ta’minlanmoqda.   Bo‘zsuv kanalini ifloslantirish yuzasidan kompensatsiya to‘lovi belgilandi Toshkent viloyatidagi Bo‘zsuv kanalini kanalizatsiya suvlari bilan ifloslantirish holati bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilib, javobgar tashkilotga 1,5 mlrd so‘m kompensatsiya to‘lovi hisoblandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra , «Bo‘zsuv aeratsiya inshooti» tashlamalaridan olingan namunalarda me’yordan bir necha o‘n barobar yuqori moddalar aniqlangan. Laboratoriya xulosalariga ko‘ra, muallaq zarrachalar, ammoniy ioni, azot nitriti, neft mahsulotlari, mis va temir kabi moddalar belgilangan me’yordan keskin oshgan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, birinchi tashlamada ammoniy ioni 101,9 marta, muallaq moddalar esa 23,7 marta yuqori chiqdi. Shuningdek, uchinchi tashlamada ham moddalar me’yoridan bir necha marta oshib ketgani ma’lum qilindi. Atrof-muhitga yetkazilgan zarar va ifloslanish oqibatlariga qarab, tashkilotdan 1 mlrd 511 mln 966 ming 450 so‘m kompensatsiya puli undirilishi belgilandi. Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, holat yuzasidan «Toshkent suv ta’minoti» AJga nisbatan Jinoyat kodeksining 205 va 207-moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid