
Bolalarni emlatgandan so‘ng poliklinikada qancha vaqt qolish va nimalardan saqlanish kerak?
06.10.2025 | 10:4539914
Sanepidqo‘mita yosh bolali ota-onalarga muhim tavsiyalar berdi.

Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi bola emlanganidan keyin to‘g‘ri parvarish qilish va ehtiyot choralarini ko‘rish bo‘yicha yangi tavsiyalar e’lon qildi. Qayd etilishicha, vaksina olib bo‘lganidan keyin poliklinikada uzoq turish tavsiya etilmaydi, chunki bu holat turli infeksiyalarni yuqtirish xavfini oshiradi.
Shifokorlar odatda emlashdan keyingi reaksiyalarni kuzatish maqsadida 30 daqiqa kutishni tavsiya qiladi. Biroq bu vaqtni davolash muassasasi ichida emas, balki uning hovlisida yoki tashqarisida o‘tkazish maqsadga muvofiq.
Shuningdek, bolani emlashga olib borishda uni qalin kiyintirish mumkin emas. Agar bola terlagan bo‘lsa, uning kiyimlarini yechib, tanasining qurushi kutilganidan so‘ng emlashga ruxsat etiladi. Bu bolaning organizmida ortiqcha issiqlikni kamaytiradi va vaksina ta’sirini yengillashtiradi.
Qo‘mita bolaga emlashdan keyin sharbat yoki shirin ichimliklar berish tavsiya etilmasligini ham qayd etdi, chunki bu organizmning vaksinaga moslashish jarayonini sekinlashtirishi mumkin. Agar bola terlab ketgan bo‘lsa, uni iliq suvga botirilgan sochiq bilan artish, keyin quruq sochiq bilan quritish tavsiya etiladi.
Bola o‘zini yaxshi his qilsa, uni har doimgidek cho‘miltirish mumkin. Biroq emlashdan keyingi uch kun davomida bolani ko‘p odam to‘plangan joylarga, mehmonga yoki bog‘chaga olib borish tavsiya etilmaydi. Agar u sog‘lom bo‘lsa, ikki kundan so‘ng bog‘chaga qaytishi mumkin.
Shuningdek, bolani yo‘tal, isitma yoki ich ketishi kabi belgilari bo‘lgan odamlardan uzoq tutish lozim. Bu davrda bolaning kasallik yuqtirish ehtimoli yuqori bo‘ladi.
Qo‘mita ta’kidlashicha, emlangan bolani ko‘proq vaqt ajratib, mehr bilan suhbat qurish va yoqimli muhit yaratish juda muhim. Agar harorat ko‘tarilsa, shifokor tavsiyasi asosida isitma tushiruvchi dori berilishi lozim.





