
Bozorlardagi avtoturargohlar narxi dam olish kunlari qimmatlashadi
Toshkent shahar hokimining qarori bilan bozorlardagi avtoturargohlar narxlari dam olish kunlari oshirilishi belgilandi. Avtoturargohlarda turish vaqtiga qarab to‘lov tariflari yangilanib boradi. Hokimlik bu borada qo‘shimcha tushuntirish berdi.

Toshkent shahar hokimligining 18-noyabrdagi qaroriga muvofiq, poytaxt bozorlari va savdo majmualaridagi avtoturargohlar narxlari dam olish kunlari oshirilishi belgilangan edi.
Hokimlik ma’lumotiga ko‘ra, «Munitsipal aktivlarni boshqarish» davlat unitar korxonasi avtoturargohlarda mashinalarning haqiqiy turish vaqtlarini o‘rgangan. Tahlillar ko‘pchilik xaridorning bozordagi harakatlari uchun ikki soatgacha vaqt yetarli ekanini ko‘rsatgan. Shu bois dastlabki ikki soatlik to‘lov miqdori o‘zgarmagan va oddiy tashrif buyuruvchilar uchun qulaylik saqlab qolingan.
Ikki soatdan ortiq turish, odatda, bozor xodimlari, tadbirkorlar va faoliyati bozor yoki unga tutash hududda bog‘langan shaxslarga tegishli ekani ta’kidlandi. Yangilangan tariflar aynan shu toifaga ko‘proq ta’sir qilishi, xaridorlarning kundalik xarajatlariga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi aytildi.
Hokimlikka ko‘ra, tariflarni oshirishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — dam olish kunlari kuzatiladigan ortiqcha yuklamani kamaytirish, avtoturargohlarda tez aylanishni ta’minlash va har bir tashrif buyuruvchi uchun bo‘sh joy yaratishdir. Uzoq vaqt turishning qimmatlashtirilishi mashinalarning o‘z vaqtida joy bo‘shatishini rag‘batlantirib, atrofdagi yo‘llardagi transport harakatining yaxshilanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq hokimlik qarori bilan bozorlar hududida tijoriy video va tasvirga olish uchun ham to‘lov joriy etilgani ma’lum qilingandi.





