
Britaniya Bosh vaziri: Putinga bosim yanada kuchaytirilishi kerak
04.09.2025 | 20:4021893
Kiyr Starmer «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» yig‘ilishida Putinni ishonchsiz deb atadi va Ukrainaga uzoq masofali raketlar bilan yordamni kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

4 sentyabr kuni ertalab Glazgoda bo‘lib turgan Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kiyr Starmer virtual tarzda «Ko‘ngillilar koalitsiyasi» yig‘ilishida ishtirok etdi.
U yig‘ilish avvalida Lissabondagi halokatda halok bo‘lganlar uchun Portugaliya xalqiga hamdardlik bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainadagi vaziyat tinchlik muzokaralarini kechiktirayotgan va bir vaqtning o‘zida shafqatsiz hujumlar amalga oshirayotgan Putinga hech qanday ishonch qoldirmagan, deb yozmoqda Buyuk Britaniya hukumati rasmiy sayti.
Bosh vazir Kiyr Starmer Kiyevdagi Britaniya Kengashi va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi binolariga o‘tgan hafta qilingan hujumlar buni yana bir bor isbotlaganini aytdi. U hujumlarni «betartib, shafqatsiz va qabul qilib bo‘lmaydigan» deb baholadi.
Maxfiy harbiy rejalarni muhokama qilar ekan, u «Ko‘ngillilar koalitsiyasi»ning Ukrainaga bo‘lgan mustahkam va buzilmas majburiyatini qayd etdi. AQSH prezidenti Donald Trampning qo‘llab-quvvatlovi ham ushbu pozitsiyani mustahkamlayotganini ta’kidladi.
Bosh vazir Ukrainaga uzoq masofali raketalar yetkazib berish haqidagi bayonotlarni olqishladi hamda hujumlar to‘xtatilgan taqdirda qo‘shinlarni joylashtirishga tayyorgarlik ko‘rayotgan harbiy rahbarlarga minnatdorlik bildirdi. Yig‘ilishda qatnashgan barcha yetakchilar yaqin kunlarda yana uchrashishga kelishib oldi.





