
Britaniya bosh vaziri Starmer Trampni Eron bilan muzokara olib borishga chaqirdi
19.06.2025 | 22:3014664
Kir Starmer AQSH prezidenti Donald Trampni Eron bilan urush qilish o‘rniga diplomatik muzokaralarga qaytishga chaqirdi. Unga ko‘ra, yadroviy muammoni harbiy yo‘l bilan emas, muzokara orqali hal etish mumkin.

Britaniya bosh vaziri Kir Starmer 18 iyun kuni Donald Trampga murojaat qilib, Eron bilan urush o‘rniga diplomatik yechim izlashga chaqirdi. Uning ta’kidlashicha, yadroviy dastur bilan bog‘liq muammolar muzokara orqali hal qilinsa, bu nafaqat mintaqa, balki butun jahon xavfsizligiga xizmat qiladi.
Bloomberg agentligining yozishicha, Starmer Buyuk Britaniyaning Yaqin Sharqdagi asosiy maqsadi — vaziyatni deeskalatsiya qilish ekanini bildirgan. Shuningdek, u BMT va boshqa xalqaro institutlar doirasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligini qayd etgan.
Bundan avval, The Times nashri Britaniya hukumati AQSHning ehtimoliy harbiy amaliyotida ishtirok etish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgandi. Xususan, AQSH Isroil hujumlariga qo‘shilsa, «Diyego Garsiya» orolidagi qo‘shma harbiy bazadan Eron yadroviy ob’ektlariga zarba berish uchun foydalanishi mumkin.
Bazada yadroviy inshootlarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan B-2 «Spirit» turkumidagi strategik bombardimonchi samolyotlar ham joylashgan. Ammo bu baza faollashtirilishi uchun Tramp Britaniyadan, aniqrog‘i, bosh vazir Starmerdan rasmiy ruxsat olishi lozim. Britaniya rozilik bersa, Eron uni ham urushning bir tomoni sifatida qabul qilishi mumkinligi, shu bois mamlakat manfaatlari xavf ostida qolishi ehtimoli bor.
Ayni paytda, Donald Tramp jurnalistlarga AQSH hali ham Eron bilan muzokaralar o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi. U yadroviy dasturga oid muzokaralar uchun eshik yopilmaganini bildirdi.
Avvalroq, AQSH va Eron bahor oylarida Ummon vositachiligida muzokaralarni boshlagan edi. Biroq 13 iyun kuni Isroil tomonidan Eron yadroviy inshootlariga havo zarbalari berilganidan so‘ng, Masqatda rejalashtirilgan yangi raund bekor qilindi.





