add

Britaniya qiroli o‘z ukasini barcha unvonlaridan mahrum qildi

Kecha 17:3012562

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III ukasi Shahzoda Endryuni barcha rasmiy unvon va faxriy maqomlaridan mahrum qilib, uni Bukengem qarorg‘ohidan chiqarib yuborishga qaror qildi.

Britaniya qiroli o‘z ukasini barcha unvonlaridan mahrum qildi

Buyuk Britaniya qiroli Charlz III o‘z ukasi, 65 yoshli Shahzoda Endryuga nisbatan qat’iy choralar ko‘rdi. Bu haqda Bukingem saroyiga tayanib, Reuters va BBC xabar berdi.

Endryu so‘nggi yillarda moliyachi va jinoyatchi Jeffri Epshteyn bilan bo‘lgan munosabatlari hamda uning nomiga qo‘yilgan jinsiy ayblovlar sabab jiddiy tanqid ostida qolgan edi.

Epshteyn jinsiy jinoyatlar, jumladan, voyaga yetmaganlarni fohishalikka jalb etgani uchun sudlangan. Endryu esa zo‘rlashda ishtirok etganlikda gumon qilinmoqda. Uni shu yili uyida o‘lik holda topilgan huquq himoyachisi Virjiniya Juffre ayblab, sudga bergan edi. Juffrening yaqinda chiqqan xotiralar kitobi esa ayni mojaroni yana jamoatchilik e’tiboriga qaytargan.

Bu voqealardan so‘ng Shahzoda avval «York gersogi» unvonidan voz kechishga majbur bo‘lgan, endi esa rasman faqat «Endryu Mauntbetten-Vindzor» deb ataladi.

Qirollik saroyi bayonotida aytilishicha, Endryuga qarorgoh ijarasidan voz kechish haqida rasmiy ogohlantirish berilgan. Endi u sharqiy Angliyadagi Sandringem mulkida xususiy uyda yashaydi.

«Bu choralar ayblovlar tan olinmaganiga qaramay zarur deb topildi. Qirol va malika barcha zo‘ravonlik qurbonlariga hamdardlik bildiradilar», — deya qo‘shimcha qilinadi Saroy bayonotida.

Endryuning qizlari malika Yevgeniy va malika Beatris unvonlarini saqlab qoladi.

Marhuma qirolicha Yelizaveta II ning ikkinchi o‘g‘li Endryu ilgari Britaniya harbiy-dengiz kuchlarida xizmat qilgan, 1980 yillarda Folklend urushida qatnashgan va uzoq yillar mamlakatning savdo elchisi sifatida faoliyat yuritgan. Biroq 2019 yilda u barcha rasmiy vazifalaridan chetlatilgan, 2022 yilda esa harbiy unvonlaridan ham mahrum etilgan.

Britaniya matbuoti xabariga ko‘ra, Charlz bu qarorni shaxsan qabul qilgan. Bu oila tarixidagi eng qat’iy choralardan biri sifatida baholanmoqda.

Britaniyada so‘nggi yillarda yosh avlod orasida monarxiyaga bo‘lgan ishonch pasaygani kuzatilmoqda. Mutaxassislar fikricha, Charlz va Uilyamning bu harakati monarxiya nufuzini saqlab qolishga qaratilgan strategik qadamdir.

Teglar

Mavzuga oid