
Britaniyaning urushga tayyorgarligi: real kuchmi yoki xo‘jako‘rsin siyosat?
07.06.2025 | 21:437643
Buyuk Britaniya rasmiylari mamlakatning harbiy salohiyatini oshirish va urushga tayyorgarlik ko‘rish zarurligi haqida so‘nggi oylarda faol chiqishlar qilmoqda. Bosh vazir Kir Starmer «tayyor turish kerak» deya ta’kidlagan bo‘lsa, mudofaa vaziri Jon Hili kelajakda Yevropada katta mojaro yuzaga kelish ehtimolini rad etmadi.

Biroq BBC tahlilchilari bu harakatlar ortida amaliy islohotlar emas, ko‘proq siyosiy namoyishlar, piar va aholi ko‘zini bo‘yab turishga qaratilgan harakatlar turibdi, deb hisoblamoqda. Ba’zi ekspertlar buni «xo‘jako‘rsin siyosat» deb atadi — ya’ni tashqi tomondan kuchli ko‘rinuvchi, aslida esa to‘liq ta’minlanmagan strategiya.
Aniqlanishicha, Britaniya armiyasi soni so‘nggi 200 yil ichida eng past darajaga tushib ketgan. Askarlar soni 75 ming nafardan kam, harbiy texnikaning ko‘pi eskirgan. Mudofaa byudjeti oshirilayotgani e’lon qilingan bo‘lsa-da, bu mablag‘lar asosan oldingi kamomadlarni to‘ldirishga sarflanmoqda.
Shu bilan birga, harbiy xizmatga chaqiruv kamaygan, yoshlar orasida xizmatga qiziqish pasaygani kuzatilmoqda. Ishlab chiqarish quvvatlari ham yuqori sur’atda emas. NATO doirasidagi majburiyatlarga qaramasdan, Britaniya Yevropa xavfsizligida yetakchi rolni saqlab qolishga qiynalmoqda.
Britaniya hukumati xalqaro tahdidlarga javob sifatida o‘zini tayyor ko‘rsatishga intilayotgan bo‘lsa-da, amaldagi holat, ba’zi mutaxassislarning fikricha, jiddiy islohotlarni emas, balki tashqi siyosiy obrazni saqlashni ko‘zlamoqda.
 





