
Bukmekerlikni targ‘ib qilgan blogerlar ishi sudga oshirildi
23.06.2025 | 14:0040432
Bukmekerlik xizmatlarini reklama qilgan taniqli blogerlar ma’muriy javobgarlikka tortildi va ular ishi sudga yuborildi. Raqobat qo‘mitasi ushbu holatlar qonunbuzarlik sifatida baholanganini ma’lum qildi.

O‘zbekistonda bukmekerlik xizmatlarini targ‘ib qilgan blogerlarga nisbatan qonunga zid harakatlari uchun rasmiy tartibda ish ochilib, tegishli hujjatlar sudga yuborildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qo‘mita tomonidan ijtimoiy tarmoqlar va axborot maydonidagi reklamalar qonunchilikka mosligi yuzasidan o‘rganishlar olib borildi. Tahlillar davomida yuz minglab obunachiga ega bo‘lgan blogerlar o‘z sahifalarida “Melbet” tovar belgisi ostida bukmekerlik faoliyatini targ‘ib qiluvchi videolarni joylashtirgani aniqlangan.
Jumladan, Shodiyev Jasurbek (jasjannew), Normamatov Dadabek (allme.uz), Raxmatov Sherxon (sherxon.zdss) va Xasanboyev Xojiakbar (hojiakbar\_ku)ning sahifalarida qimor o‘yinlarini targ‘ib qiluvchi materiallar tarqatilgan.
Qonunga ko‘ra, O‘zbekiston hududida qimor o‘yinlari va tavakkalchilikka asoslangan o‘yinlarni reklama qilish qat’iyan taqiqlangan. Bunday faoliyat ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Ayni paytda, ushbu blogerlar belgilangan tartibda javobgarlikka tortilib, ishlari sud muhokamasiga oshirilgan.





