
«Bular moliyaviy piramida ekan» — «Sredit house» ishi bo‘yicha suddan reportaj
JIB Yakkasaroy tuman sudida oson shartlarda uy olib berishni va’da qilgan «Credit house» va «In Fin Stroy Invest» kompaniyalari bilan bog‘liq jinoyat ishi bo‘yicha sud boshlandi. Ma’lum bo‘lishicha, ish doirasida 9 nafar ayblanuvchi, 1 766 nafar jabrlanuvchi bor.
Oson shartlarda uy olib berishni va’da qilgan “Credit house” va “In Fin Stroy Invest” firmalari bilan bog‘liq jinoyat ishida ayblanuvchilar JKning uyushgan guruh tomonidan juda ko‘p miqdorda firibgarlik, mulkiy zarar yetkazish, juda ko‘p miqdorda valuta qimmatliklarining qonunga xilof muomalasi, chet el valutasini yashirish, juda ko‘p miqdordagi soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash, savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish, nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish kabi moddalari bilan ayblanmoqda.
Jabrlanuvchilardan birining aytishicha, poytaxtdan qulay shartlarda xonadon xarid qilishga yordam beramiz tarzidagi tarmoqlarda tarqalgan reklamalarni ko‘rib kompaniya bilan bog‘langan.
“Telegramda ko‘rganmiz, telefon qilsam, ularda birlamchi bozordan uylar borligini aytgan. Ofisiga chaqirgan. Shota Rustaveli ko‘chasidagi ofisiga borganmiz, yangi qurilayotgan “novostroyka”larga, degan. Boshida uy narxining 30 foizini to‘lov qilasiz degan. Keyin biz “Voy yo‘q, birlamchi bo‘lsa ololmaymiz, cho‘ziladi baribir”, deb ketdik. Anchadan keyin ikkilamchi bozori ham ochilgan ekan. Nodira degan qiz chaqirdi ofisiga. Direktori Shoira, Nodira oddiy ishchisi, Klara “uchreditel”. Borganimizdan keyin uy toping, ikkilamchi, tayyor kadastri bitgan uyni topasiz, dedi. O‘sha uyni topganingizdan keyin bizga uyning egasi bilan kelsangiz, 30 foiz to‘lov qilasiz, biz ularga 15 kun ichida hamma pulni bankdan olib, uyini zalogga qo‘yib bankdan olib to‘lab beramiz, degan. Keyin siz bankda o‘zingiz kreditingizni yopib yuraverasiz, degan. 30 foiz to‘ladik, uyning egasi bilan bordik, ikki xonali uyga Sergeli tumanidan oldik. Borib 30 foizini to‘lab, 15 kundan keyin pul berishi kerak-ku uy egasiga. Uyi egasi aytyapti, “Menga pulini bergani yo‘q, chiqib ketinglar”, dedi. Biz uyni remont ham qilib qo‘ygandik. Keyin ilojimiz yo‘q, bordik ofisiga. Borsak, “Voy, unaqa, bunaqa, bank unaqa qilyapti, bunaqa qilyapti”, dedi. Maklerlar ularni “piramida”, dedi. O‘zlaridan borib so‘radim: “Sizlarni piramida deyapti, mashinnik deyapti”. “Yo‘q, yo‘q, yo‘q, bizlarda hamma namozxon, undoq, mundoq”, deyishdi. “Mayli, tavakkal”, deb to‘lov qildik. 15 kundan keyin borayapmiz, 1 oy, 20 kun, mana shunaqa qilib mana bir yil bo‘lyapti. Endi mana ikki bola bilan ijarada o‘tiribmiz, uy yo‘q. 209 million so‘m ya’ni 30 foizini to‘laganmiz. Birlamchilar pulini misol “Sredit house”ga bergan bo‘lsa, “Sredit house” yarmini quruvchiga o‘tkazgan, yarmi o‘zida. Ikkilamchilar hamma pulini “Sredit house”ga o‘tkazgan”, deydi jabrlanuvchi.
Bekobodlik Kamoliddin Xolbo‘tayev kompaniyaning reklama e’lonini ko‘rib borgani va 21 ming dollar to‘lov qilib lekin hamon bevatan bo‘lib yurganini aytdi.
“Men e’lon bo‘yicha, uy topdim ikki xonali, yangi chiqqan “novostroyka”ga xonadon ko‘rdim. Uy ko‘rganimdan keyin, uyning narxi 48 ming dollar edi. Uyni 48 ming dollar bo‘lgan pulim yetmagani uchun “Credit House”dan foydalanasiz, deb uyning egasi taklif berdi. Uy egasi o‘sha yoqqa borasiz, to‘lovni qilasiz deb taklif berdi. 15-20 kunda mening hisobimga pul tushirib beradi, dedi. Men ularga ishonaman, men ular bilan, pulimni olaman va olganman shu paytgacha dedi.. “Bo‘pti”, dedim-da, o‘sha yoqqa borib to‘lov qildim, 21 ming AQSH dollari. Oradan 15-20 kun vaqt o‘tib, keyin uyning egasi telefon qilyapti-da, “Birlamchilarni quruvchiga shotiga pul tushirib bermabdi. Quruvchining hisobiga pul tushirib bermagandan keyin eshik tergovga oshib ketdi”, deyapti uy egasi. Keyin “Sen uydan chiqib ketasan”, dedi. Uydan chiqarib yubordi. Hozirda ko‘chada bir yildan beri bevatan bo‘lib, “propiska”siz yashab yuribmiz. Bir yildan beri sarsomiz. Qayerga borishni bilmaymiz. Prokuraturami, Ichki ishlar organi deysizmi, portal deysizmi, bormagan joyimiz qolmadi”, deydi jabrlanuvchi Kamoliddin Xolbo‘tayev.
Oilada yolg‘iz boquvchi Mavluda Yusupova 2024-yil 18-dekabrda ikkilamchi bozordan uy olish uchun “Sredit house” kompaniyasiga to‘lov qilgan. Lekin uyiga egalik qila olmaganidan 1 yildan buyon qizi bilan ijarama-ijara sarson bo‘lib yuribti.
Yashab turgan uyini sotib, Yunusobod tumanida ko‘p qavatli uydan 4 xonali xonadon sotib olgan yana bir fuqaro kompaniyaning foizi yoq shartlarda degan xabarlariga ishonib qolganidan afsusdaligini bildirdi.
Boshqa bir jabrlanuvchining ta’kidlashicha, 2025 yil yanvar oyida 10 yil muddatga bo‘lib to‘lashga qulay shartlarda xonadon berilayotgani haqidagi xabarlarni eshitib, 20 ming AQSH dollari miqdoridagi pulini “maydalab” kompaniyaga borgan.
Yana bir jabrlanuvchi Xushvaqt Ochilova mazkur kompaniyalarni 3 yil davomida kuzatib, ishonch hosil qilganidan so‘ng 2023-yilda Yashnabod va Olmazor tumanlarida qurilayotgan yangi ko‘p qavatli uylardan xonadon sotib olgan. 2ta xonadon xarid qilib, ishonch hosil qilgan. Lekin uchinchisida aldanib qoladi.
“2024 yil 14-dekabrda Yangihayot tumanidagi qurilishdan uchinchi uyimizni olganmiz. O‘g‘limning nomiga olganmiz uni. O‘g‘limni o‘zini yuborganman. Bu davrda aksiya deb e’lon berishgan. Aksiya deb e’lon berishgan. Kelib sababini, tartibini so‘raganimda, 50 ga 50, 50 milliongacha deyilgan birinchi hayit bayramida haligi qilinganda, aytilganda. Masalan, 50 million bersa, 50 million asosiy to‘lovdan kamayadi. Bu yerda uy olgan mijoz asosiy to‘lovidan kamayadi, biz u pulni “oborot”imizga tikib, yana haligimizni kengaytiramiz”, deyishgan. Ishonganman. Bu yerda to‘g‘ri haligi aytildi deb, ishonganman. Chunki ishonmasligimning iloji yo‘q. Yashayapman uyda, kadastrimni olganman. Ishonmaslikning iloji yo‘q. Uchinchi uyimizga 60 million o‘tgan. 134 millioni bularning hisobida qolgan”, deydi jabrlanuvchi Xushvaqt Ochilova
Sud majlisida ishtirok etish uchun juda ko‘plab jabrlanuvchilar kelganligi sababli, ularning hammasi ham ichkariga kira olmay, ma’lum bir qismi sud majlisida ishtirok etdi.
JIB Yakkasaroy tuman sudida sudya Bahodir Qayumov raisligida ko‘rilayotgan birinchi sud majlisida dastlab tomonlar tanishtirildi. Sudlanuvchilarning 2 nafarida ayblov xulosasi va 3 nafarida advokat yo‘qligi sababli sudda 2026 yil 6-yanvargacha tanaffus e’lon qilindi.
Baxtiyor To‘xtayev, jurnalist
Operator: Sardor Ziyodullayev
Teglar





