
Burger King’ni O‘zbekistonga qozog‘istonlik tadbirkor olib kirmoqda
30.05.2025 | 17:402953
Qozog‘istonlik milliarder Almas Sultangazin O‘zbekistonda Burger King restoranlarini ochish huquqini qo‘lga kiritdi. Unga tegishli Holten Group shu yil mart oyida franshizani xarid qildi va tez orada Toshkentda ilk muassasalar ish boshlashi kutilmoqda.

Burger King brendi jadal rivojlanayotgan Markaziy Osiyo bozoriga yana bir qadam yaqinlashdi. Qozog‘istonlik yirik tadbirkor Almas Sultangazinga qarashli Holten Group kompaniyasi Burger King Kazakhstan franshizasini mart oyida sotib oldi. Endi kompaniya Qozog‘iston va Qirg‘izistondagi 55 ta restoranni boshqaradi, deb yozmoqda Spot.uz.
Ayni paytda ushbu franshiza orqali O‘zbekiston bozoriga kirish rejasi ham amalga oshirilmoqda. Bu maqsadda «International Beverages Tashkent» kompaniyasi Burger King’ni yurtimizda ochish uchun rasmiy litsenziyani qo‘lga kiritgan. Shuningdek, kompaniya birinchi restoranlarni 2–3 oy ichida Toshkentda ochishini ma’lum qildi.
Holten Group kompaniyasi «International Beverages Tashkent»ning ta’sischilaridan biri sanaladi. Uning egasi — Forbes Kazakhstan ma’lumotiga ko‘ra, Qozog‘istonning 75 ta eng boy tadbirkori qatoriga kirgan Almas Sultangazin bo‘lib, uning boyligi 285 mln dollarga baholangan.
U «International Beverages Tashkent» kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekistonda Pepsi, 7Up, Mirinda kabi mashhur ichimliklarni ham ishlab chiqaradi. Shu bilan birga, Holten Group Gurjiston va Armanistonda ham Pepsi zavodlariga egalik qiladi. Joriy yilda Gurjistonda yangi Pepsi zavodi qurilishi rejalashtirilgan.
Tashkilotlar franshizani butun Markaziy Osiyo hududiga kengaytirish niyatida. Agar rejalar amalga oshsa, Burger King brendining mintaqa bo‘yicha kengayishiga O‘zbekiston strategik markazga aylanishi mumkin.





