add

Buyuk Britaniya G‘azoga insonparvarlik yordami yuboradi

27.07.2025 | 18:001353

Buyuk Britaniya hukumati G‘azoda kechayotgan og‘ir vaziyatni yengillatish maqsadida sektorga zudlik bilan insonparvarlik yordamini yuborishini e’lon qildi. Bosh vazir Kir Starmer bu tashabbusni shaxsan tasdiqlab, bolalarni Britaniyada davolash bo‘yicha ham choralar ko‘rilayotganini ma’lum qildi.

Buyuk Britaniya G‘azoga insonparvarlik yordami yuboradi
BBC xabariga ko‘ra, Britaniya parlamenti a’zolarining uchdan bir qismi — 220 deputat Falastin davlatini rasman tan olishni so‘rab, hukumatga murojaat qilgan. Bu orada bosh vazir Kir Starmer G‘azoga yordam yuborish bo‘yicha choralar ko‘rilayotganini, ayniqsa, og‘ir ahvoldagi bolalarni Britaniyaga olib kelish va davolash ishlari faollashtirilganini bildirgan. Izroil hukumati 25 iyul kuni sektorga havodan yordam tashlashga ruxsat berishini ma’lum qilgandi. Biroq BMT va insonparvarlik tashkilotlari bu yordam yetarli emasligini, ayrim hollarda osmondan tushayotgan yordam qutilari odamlarga tan jarohati yetkazayotganini ta’kidlamoqda. Kir Starmerning aytishicha, Britaniya yordam tashishda Iordaniya bilan hamkorlik qilmoqda. U bu gumanitar inqirozga barham berish zarurligini urg‘ulagan. Shuningdek, bosh vazir kelasi haftaning boshida AQSH prezidenti Donald Tramp bilan uchrashib, Izroil va HAMAS o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarini muhokama qilishni rejalashtirayotganini aytgan. Ma’lumot o‘rnida, Izroil mudofaa kuchlari 27 iyul kuni ertalabdan boshlab G‘azoga yordam yetkazishni boshlaganini e’lon qildi. Sektorga un, shakar va konservalardan iborat 7 ta havo paketlari tashlangan. Shu kuni soat 10:00 dan 20:00 gacha (O‘zbekiston vaqti bilan 12:00–22:00) Al-Mavosiy, Dayr-al-Balo va G‘azo shaharlarida yordam yetkazish uchun tinchlik o‘rnatilgani, o‘t ochish to‘xtatilgani ham ma’lum qilindi. Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda ham Buyuk Britaniya Iordaniya bilan hamkorlikda G‘azo shimoliga yuzlab tonna dori-dormon, oziq-ovqat va yoqilg‘i yetkazib bergan edi.

Teglar

Mavzuga oid