add

ChatGPT asoschisi inson fikrlarini o‘qishga qodir sun’iy idrok loyihasini moliyalamoqda

26.10.2025 | 17:353092

OpenAI rahbari Sem Altman inson miyasini jarrohlik aralashuvisiz o‘qishga qodir interfeys yaratayotgan Merge Labs startapini qo‘llab-quvvatlamoqda.

ChatGPT asoschisi inson fikrlarini o‘qishga qodir sun’iy idrok loyihasini moliyalamoqda

ChatGPT yaratuvchisi va OpenAI kompaniyasi rahbari Sem Altman inson fikrlarini «o‘qish» texnologiyasini ishlab chiqayotgan Merge Labs startapiga sarmoya kiritmoqda. The Verge ma’lumotlariga ko‘ra, startap OpenAI’ning venchur bo‘limi orqali 250 million dollar investitsiya yig‘moqda.

Merge Labs loyihasi miya-kompyuter interfeysini yaratishga qaratilgan bo‘lib, u Ilon Maskning Neuralink tizimidan farqli ravishda jarrohlik aralashuvisiz ishlaydi. Loyiha asosida miya signallarini ultratovush to‘lqinlari va magnit maydonlari orqali o‘qish texnologiyasi yotadi.

Ta’kidlanishicha, startapning ilmiy rahbarlaridan biri — Kaltex (Caltech) universiteti bioinjeneri Mixail Shapiro bo‘lib, u miya faoliyatini ultratovush orqali stimulyatsiya qilish bo‘yicha tadqiqotlari bilan tanilgan. Uning ilmiy ishlari ko‘rsatganidek, to‘lqinlar orqali neyronlarni faollashtirish mumkin, bu esa elektrodlarni miyaga joylashtirish zaruratini bartaraf etadi.

Sem Altman ilgari ham shunday texnologiya orqali inson fikrlarini sun’iy intellektga yetkazishni orzu qilganini bildirgan.

«Men boshimga hech narsa joylashtirishni xohlamayman. Faqat shunday tizim bo‘lishini istaymanki, unda faqat “o‘qish rejimi” bo‘lsin — SI fikrlarimni tushunsin, lekin ularni o‘zgartirmasin», — degan edi u.

Shu g‘oya asosida Merge Labs «read-only» konsepsiyasini ishlab chiqmoqda — ya’ni miya faoliyatini kuzatish, lekin unga ta’sir qilmasdan fikrlarni tahlil qilish texnologiyasini yaratish niyatida. Loyiha mualliflarining ta’kidlashicha, bu texnologiya inson va sun’iy intellekt o‘rtasidagi muloqotni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid

ChatGPT asoschisi inson fikrlarini o‘qishga qodir sun’iy idrok loyihasini moliyalamoqda | Vaqt.uz