
«ChatGPT»da salomatlikka oid alohida bo‘lim ishga tushirildi
«OpenAI»da foydalanuvchilarning tibbiy savollariga javob berishga ixtisoslashgan yangi «Health» bo‘limi ochildi.

«ChatGPT» chat-botiga salomatlikka oid ma’lumotlar uchun mo‘ljallangan «ChatGPT Health» bo‘limi qo‘shildi. Bu haqda OpenAI kompaniyasi xabar berdi. Yangi bo‘lim foydalanuvchilarning sog‘liq bilan bog‘liq savollari va kundalik tibbiy masalalarini muhokama qilish uchun alohida makon sifatida ishlaydi.
Kompaniyaga ko‘ra, ushbu bo‘lim foydalanuvchining shaxsiy sog‘liq ma’lumotlari bilan «ChatGPT» intellektual imkoniyatlarini birlashtiradi. «OpenAI» ma’lumotlariga ko‘ra, har hafta 230 milliondan ortiq inson tibbiy muammolar bo‘yicha ChatGPT’ga murojaat qiladi. «ChatGPT Health» aynan shu ehtiyojdan kelib chiqib, xavfsiz va qulay muhit yaratishga qaratilgan.
Ushbu bo‘lim orqali kasallik tarixi bilan ishlash, tahlil natijalarini ko‘rib chiqish va shifokor qabuliga tayyorgarlik ko‘rish mumkin. Shuningdek, bot mashg‘ulotlarni rejalashtirish, parhez tanlash, tibbiy sug‘urta turini aniqlash kabi masalalarda maslahat beradi.
«ChatGPT Health» turli tashqi xizmatlar bilan integratsiya imkoniyatiga ham ega. Foydalanuvchilar «Apple Health», «MyFitnessPal» va boshqa salomatlik platformalarini ushbu bo‘limga ulashi mumkin.
AQSHdagi foydalanuvchilar esa, xohishiga ko‘ra, tibbiy kartalariga neyron tarmoqning kirishiga ruxsat berib, yanada shaxsiylashtirilgan va aniq javoblar olish imkoniga ega bo‘ladilar. Shu bilan birga, OpenAI «ChatGPT Health» uchun kuchaytirilgan maxfiylik va axborotni himoya qilish choralari joriy etilganini qayd etdi.
Ta’kidlanishicha, «ChatGPT Health» tibbiy yordamni almashtirish uchun emas, balki qo‘llab-quvvatlovchi vosita sifatida ishlab chiqilgan. U tashxis qo‘yish yoki davolashga mo‘ljallanmagan bo‘lib, foydalanuvchilarga kundalik sog‘liq masalalarini yaxshiroq tushunishda yordam beradi.
Hozircha «ChatGPT Health» beta versiyasi cheklangan doirada, kutish ro‘yxatidagi foydalanuvchilar uchun ochiq. Yaqin kelajakda esa bu bo‘lim «ChatGPT»ning veb versiyasi va iOS ilovasida barcha foydalanuvchilar uchun ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil noyabr oyi boshida «OpenAI» kompaniyasi «ChatGPT»dan foydalanish qoidalarini yangilab, unga shifokor yoki advokat sifatida javob berishni taqiqlagandi. Kompaniya chat-boti endi tibbiy yoki huquqiy masalalar bo‘yicha faqat umumiy ma’lumotlar berishini ma’lum qilgan edi.
Ma’lumot o‘rnida, 2025 yil 1-noyabr kuni Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida «Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi qonun senatorlar tomonidan ma’qullangandi.





