
ChatGPT’ga ota-onalar nazorati funksiyasi qo‘shiladi
03.09.2025 | 12:3033233
OpenAI o‘zining ChatGPT chatbotiga ota-onalar nazorat funksiyasini joriy etmoqda. Bu imkoniyat orqali ota-onalar farzandlarining platformadan qanday foydalanishi ustidan nazorat o‘rnata oladi.

Euronewsʼning xabar berishicha, yaqin bir oy ichida ishga tushirilishi kutilayotgan funksiya orqali ota-onalar farzandlari bilan akkauntlarni bog‘laydi va chat tarixini ko‘rib chiqishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, agar sistema bolaning og‘ir ruhiy holatda ekanini sezsa, bu haqda ota-onaga maxsus ogohlantirish xabarini yuboradi. Hozircha qaysi holatlarda ushbu signal ishga tushishi ochiqlanmagan.
Yangi funksiya aprel oyida 16 yoshli Adam Raynning o‘z joniga qasd qilishidan so‘ng joriy etilmoqda. Bolaning ota-onasi kompaniya va bosh direktor Sem Altmanga qarshi sudga murojaat qilgan. Ular da’vo arizasida ChatGPT o‘smirda sun’iy intellektga qaramlik uyg‘otgani va hatto unga o‘z joniga qasd qilish rejasini tuzishda yordam berganini bildirdi.
Advokat Jey Edelson ushbu choralarni «mavhum va samarasiz» deb baholab, OpenAI’ni tanqid qildi. Uning ta’kidlashicha, kompaniya muammoni hal qilish o‘rniga e’tiborni boshqa yo‘nalishga burmoqda.
Shu bilan birga, Meta kompaniyasi ham 2 sentyabrda o‘z chatbotlariga o‘smirlar bilan o‘z joniga qasd qilish, noto‘g‘ri ovqatlanish yoki nomaqbul munosabatlar haqida muloqot qilishni taqiqladi. Bunday hollarda botlar foydalanuvchilarni mutaxassislarga yo‘naltiradi.
Avvalroq ChatGPT maslahatini bajargan amerikalik erkak ruhiy shifoxonaga yotqizilgani xaqida xabar bergan edik.





