Logo

Cheklov ta’siri: TBC Bank mikroqarzlarni alohida mikromoliya tashkiloti orqali bera boshladi

Bugun 18:163 daqiqa

TBC Bank mikroqarzlarning bir qismini endi bankning o‘zi emas, guruh tarkibidagi TBC Credit mikromoliya tashkiloti orqali bermoqda. Bank Markaziy bankning talablariga rioya qilish uchun bu yo‘lni tutmoqda. O‘xshash model Uzum ekotizimida ham bor, biroq u yerda bu amaliyot cheklovdan avval ham ishlagan.

Cheklov ta’siri: TBC Bank mikroqarzlarni alohida mikromoliya tashkiloti orqali bera boshladi

TBC Bank mikroqarzlarning bir qismini bank balansida emas, guruh tarkibidagi TBC Credit mikromoliya tashkiloti orqali ajratmoqda. Bu Markaziy bank tomonidan banklarning mikroqarz portfeliga o‘rnatilgan 25 foizlik cheklov fonida yuz bermoqda.

TBC Group’ning 2025-yilgi hisobotiga ko‘ra, TBC Credit 2025-yili mikromoliya faoliyati uchun litsenziya olgan va avgust oyidan kredit ajratishni boshlagan. Tashkilot TBC Uzbekistan ekotizimining «ko‘p litsenziyali» faoliyat modelidagi alohida yo‘nalish sifatida tashkil etilgan.

TBC Credit portfeli qisqa muddat ichida keskin o‘sdi. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil 1-mayda tashkilot aktivlari 508,2 mlrd so‘mni, sof kredit portfeli esa 356,8 mlrd so‘mni tashkil etgan. Bir oy o‘tib aktivlar 740 mlrd so‘mga, kredit portfeli esa 550 mlrd so‘mga yetgan. Natijada TBC Credit aktivlar hajmi bo‘yicha mamlakatdagi to‘rtinchi yirik MMTga aylangan.

TBC Credit’ning o‘z hujjatlari ham mikroqarzlar aynan ushbu MMT nomidan berilayotganini ko‘rsatadi. Tashkilot saytida joylashtirilgan «Onlayn mikroqarz shartnomasi»da qarz beruvchi sifatida «TBC CREDIT» MCHJ MMT ko‘rsatilgan. Shartnomaga ko‘ra, MMT qarz oluvchiga onlayn mikroqarz ajratadi, qarz oluvchi esa kredit summasi va foizlarni aynan TBC Credit’ga qaytarish majburiyatini oladi.

Shu bilan birga, TBC Credit’ning «Bosh shartlari»da xizmatlar TBC UZ mobil ilovasi orqali ko‘rsatilishi qayd etilgan. Ya’ni kredit mahsuloti TBC ekotizimi ichida rasmiylashtiriladi, biroq onlayn mikroqarz bo‘yicha kreditor bank emas, alohida mikromoliya tashkiloti — TBC Credit hisoblanadi.

Sabab — mikroqarz portfeliga qo‘yilgan cheklov

Markaziy bank 2025-yili tijorat banklarining kredit portfelida mikroqarzlar ulushi 25 foizdan oshmasligi bo‘yicha talab joriy qilgan. Xuddi shunday cheklov kredit kartalari va overdraftlar uchun ham belgilangan. Talab mikromoliya banklariga tatbiq etilmaydi.

Shu o‘rinda, bu cheklov hali joriy qilinishi kutilayotgan talab emas. Tegishli nizom 2025-yil 24-iyuldan kuchga kirgan. Normativga mos kelmaydigan banklarga portfel tarkibini bosqichma-bosqich o‘zgartirish uchun 2029-yil 1-yanvargacha muddat berilgan.

TBC Group ham o‘z hisobotida Markaziy bank iste’mol kreditlari portfeliga cheklovlar kiritganini qayd etgan. Kompaniya bunga javoban bank kredit portfelini qayta muvozanatlashtirish, iste’mol kreditlari ulushini kamaytirish va kichik hamda o‘rta biznes kreditlarini ko‘paytirishni boshlaganini bildirgan.

Mikroqarzlarni TBC Credit orqali ajratish natijasida ushbu kreditlar TBC Bank’ning balansida emas, alohida mikromoliya tashkiloti portfelida hisobga olinadi. Shu tariqa TBC ekotizimi chakana kreditlashni davom ettirgan holda bankning mikroqarzlar bo‘yicha 25 foizlik konsentratsiya normativiga moslashishi mumkin.

Biroq TBC Group mikroqarzlarni MMTga o‘tkazish aynan cheklovni chetlab o‘tish maqsadida amalga oshirilganini ochiq aytmagan.

Uzum Bank’da ham shunga yaqin strategiya bor

Uzum Bank ilovasida Uzum kartasiga ajratiladigan mikroqarzning kreditori bankning o‘zi emas, Tezcoin mikromoliya tashkiloti hisoblanadi. Uzum Bank bu jarayonda karta, ilova va bank interfeysini taqdim etuvchi hamkor sifatida qatnashadi. Uzum Nasiya hujjatlarida Tezcoin «Uzum kartasiga mikroqarz», Shaffof-moliya esa «savdo mikroqarzi» beruvchi MMT sifatida ko‘rsatilgan. Shu bilan birga, Uzum Bank’ning o‘zi ham alohida «bank mikroqarzi» mahsulotini berishi mumkin.

Ko‘lam ham ancha katta. 2026-yil 1-iyun holatiga Tezcoin’ning kredit qoldig‘i 5,29 trln so‘m, Shaffof-moliya’niki esa 1,77 trln so‘m bo‘lgan. Ya’ni Uzum ekotizimi orqali berilayotgan kreditlarning katta qismi bank balansida emas, MMTlar portfelida turibdi.

Lekin bu yerda muhim farq bor. Uzum bu modelni 25 foizlik cheklovdan oldin ham qo‘llagan. Tezcoin 2022-yili tashkil etilgan va Uzum Nasiya orqali kreditlash avvaldan MMTlar yordamida amalga oshirilgan. Shuning uchun «Uzum aynan Markaziy bank cheklovi sabab MMTga o‘tdi» deb qat’iy aytish to‘g‘ri bo‘lmaydi.

To‘g‘riroq xulosa shuki, Uzum’da bu avvaldan ishlab kelayotgan biznes model. Biroq yangi cheklov sharoitida ushbu model Uzum Bank’ka mikroqarzlarni bank portfelidan tashqarida kengaytirish imkonini beradi.

Teglar

Mavzuga oid