add

Chevrolet qismlari ishlab chiqaruvchi korxona 18,2 mln dollarga sotildi

06.08.2025 | 17:0021503

O‘zbekistonda Chevrolet avtomobillari uchun isitish va sovitish tizimlari ishlab chiqaruvchi Avto Climate Control korxonasidagi davlat ulushi Best Pipe and Parts kompaniyasiga 230 mlrd so‘mga sotildi.

Chevrolet qismlari ishlab chiqaruvchi korxona 18,2 mln dollarga sotildi
Xaridor 10 yil davomida faoliyat yo‘nalishini saqlab qolish va General Motors bilan amaldagi hamkorlik shartlariga rioya etish majburiyatini oldi. Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, auksion natijasida «Best Pipe and Parts» 100 foiz davlat ulushi uchun 230 mlrd so‘m (Markaziy bank kursi bo‘yicha taxminan 18,2 mln dollar) taklif qildi. Bitim Davlat komissiyasi tomonidan ma’qullangan. Xaridor bir oy ichida to‘lovning kamida 35 foizini amalga oshirishi shart. Taklif baholangan qiymatdan yuqori bo‘lgani qayd etildi. Auksion 2024 yil avgustda e’lon qilingan bo‘lib, dastlab to‘rtta investor qiziqish bildirgan, uchtasi majburiy taklifni yo‘llagan. Shartnoma talablariga ko‘ra, xaridor kamida 10 yil Avto Climate Control’ning asosiy ishlab chiqarish yo‘nalishini o‘zgarishsiz saqlashi lozim. Shuningdek, GM texnologiyalaridan foydalanish, texnik qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha litsenziya kelishuvlariga va «Bosh alyans» shartlariga rioya etishi zarur. Best Pipe and Parts (sobiq Uz-Dongwon Co) 1996 yildan avtomobil butlovchi qismlar va aksessuarlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanib keladi. Ustav kapitali 297 mln so‘m. Asosiy aksiyadorlar — UzAuto Korea (42,3 foiz), UzAutoComponents (24,44 foiz), Dongwon Metal (24 foiz) va Salima Toshqo‘ziyeva (9,26 foiz). 2025 yil fevralda kompaniya «Avtokomponent»ning 98,8 foizini ham sotib olgan. Avto Climate Control 2010 yilda «O‘zavtosanoat» va Janubiy Koreyaning ERAE CS Ltd. hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, UzAuto Motors ishlab chiqaradigan Chevrolet avtomobillari uchun radiator, ventilyator va konditsionerlar ishlab chiqaradi.

Teglar

Mavzuga oid