
Chevron «Lukoil»ning xorijiy aktivlarini sotib olishi mumkin
AQSHning yirik neft kompaniyasi «Lukoil»ga tegishli sanksiyaga uchragan ayrim aktivlarini sotib olish imkoniyatini o‘rganmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, Chevron «Lukoil»ning faqat o‘zi bilan amaldagi loyihalar orqali bog‘liq bo‘lganlarini ko‘rib chiqmoqda.

AQSHning Chevron neft giganti Rossiyaning AQSH va Buyuk Britaniya sanksiyalariga tushgan «Lukoil» kompaniyasining xorijdagi bir qancha aktivlarini sotib olish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda Reuters agentligi xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, Chevron kompaniyasi hozircha «Lukoil»ning barcha aktivlariga emas, balki amaliy jihatdan o‘zi ishtirok etayotgan loyihalar bilan bog‘liq aktivlarga qiziqish bildirmoqda.
Qayd etilishicha, Chevron ham, «Lukoil» ham Qozog‘istondagi Karachaganak va Tengiz konlaridan neft qazib oladi. Shuningdek, «Lukoil» Nigeriya shelfidagi OML-140 loyihasida ulushga ega, u yerda operatorlikni Chevron bajaradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHning «Carlyle» investfondi sanksiya tahdidi ostida qolgan «Lukoil»ning xorijiy aktivlarini sotib olish imkonini o‘rganayotganligi haqida xabar bergan edik. Ammo manbalarga ko‘ra, Carlyle hali bitimni o‘rganishning dastlabki bosqichida qolmoqda va aniq qaror qabul qilinmagan.
Ma’lumot uchun, «Lukoil» Rossiya kompaniyalari orasida xalqaro bozorda eng keng ishtirok etuvchi korporatsiya hisoblanadi. Kompaniya Yevropadagi bir nechta neftni qayta ishlash zavodlarida ulushga ega, shuningdek Iroq, Qozog‘iston va boshqa mamlakatlardagi yirik konlarda ishtirok etadi. «Lukoil» AYQSHlari AQSH, Belgiya va Ruminiyada ham faoliyat yuritadi.
2025 yil oktabr oyida AQSH va Buyuk Britaniya «Lukoil», «Rosneft» va ularga qarashli 34 ta sho‘ba kompaniyaga nisbatan yangi sanksiyalar joriy qilgan edi. Bu choralar Rossiyaning Ukrainaga qarshi davom etayotgan urush harakatlari fonida qabul qilingan. Sanksiyalardan so‘ng «Lukoil» xorijiy aktivlarini sotish bo‘yicha qaror qabul qildi.
Ularni xarid qilishga ilk da’vogar sifatida Shveysariyaning Gunvor treyderi maydonga chiqqan. Biroq Gunvor ning asoschilaridan biri Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqinligi bilan tanilgan Gennadiy Timchenko ekani sababli, AQSH bitimga rozilik bermadi. Vashington Ukrainadagi urush tugamaguncha ushbu kompaniyaga xorijda biznes yuritish uchun litsenziya berilmasligini bildirdi.
Avvalroq Abu-Dabi Milliy neft kompaniyasi (Abu Dhabi National Oil Company, ADNOC) «Lukoil»ning O‘zbekistondagi aktivlarini sotib olishga qiziqayotgani haqida xabar bergan edik.





