add

China Energy Qozog‘istonda yashil energetikaga 1 mlrd dollar investitsiya kiritadi

25.10.2025 | 19:553361

Xitoyning China Energy kompaniyasi ikki yirik qayta tiklanuvchi energiya loyihasini amalga oshiradi — Turkistonda quyosh, Qarag‘andada shamol elektr stansiyalari barpo etiladi.

China Energy Qozog‘istonda yashil energetikaga 1 mlrd dollar investitsiya kiritadi

Qozog‘iston energetika vaziri Yerlan Akkenjenov va China Energy prezidenti Siao Subin 24 oktyabr kuni uchrashuv o‘tkazdi. Suhbat yakunida tomonlar mamlakatda ikki yirik yashil energiya loyihasini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvni tasdiqladi, deb xabar berdi Kazinform agentligi.

China Energy kompaniyasining umumiy investitsiya miqdori 1 mlrd dollardan oshib ketishi kutilmoqda. Loyihalar doirasida Turkiston viloyatida 300 MW quvvatli quyosh elektr stansiyasi va Qarag‘anda viloyatida 500 MW shamol elektr stansiyasi quriladi.

Bu tashabbuslar COP-29 iqlim konferensiyasida imzolangan Xitoy va Qozog‘iston hukumatlari o‘rtasidagi qayta tiklanuvchi energiya bo‘yicha bitim doirasida amalga oshirilmoqda. Uchrashuvda shuningdek, Kazakhtelecom bilan hamkorlikda ma’lumotlarni qayta ishlash markazi (DPC) qurish masalasi muhokama qilindi. Markaz faqat yashil energiya manbalaridan foydalanadi va bu loyiha Qozog‘istonning ikki strategik ustuvor yo‘nalishi — «yashil iqtisodiyot» va «raqamli infratuzilma rivojlanishi»ga mos keladi.

Vazir Yerlan Akkenjenovning ta’kidlashicha, «China Energy bilan sheriklik nafaqat investitsiya, balki ilg‘or texnologiyalarni ham mamlakatga olib kirmoqda. Turkiston va Qarag‘anda loyihalari karbon neytrallikka erishish sari muhim qadam bo‘lib, energiya saqlash va aqlli tarmoqlar yo‘nalishida hamkorlikni kengaytirish salohiyati katta».

Tomonlar energetika, raqamlilashtirish va innovatsiyalar sohalarida strategik sheriklikni chuqurlashtirish va yangi yo‘nalishlarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish niyatini bildirdi.

Teglar

Mavzuga oid