
Chirchiq shahrida noqonuniy yer sotmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olindi
Toshkent viloyatida hokimlik xodimi va bir guruh shaxslar o‘zaro til biriktirib, 8.5 gektar yerni rasmiylashtirib berish evaziga tadbirkordan 7 mln 300 ming AQSH dollari talab qilgan.

Toshkent viloyati va Toshkent shahrida yer maydonlari bilan bog‘liq korrupsion holatlar aniqlandi, deb xabar bermoqda DXX axborot xizmati.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Toshkent viloyati hokimligining investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi bosh mutaxassisi, Toshkent shahrida xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius yordamchisi, 1980 yilda tug‘ilgan rieltor va 1996 yilda tug‘ilgan shaxs o‘zaro til biriktirib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirishadi.
Ular Chirchiq shahrida joylashgan va ulgurji savdo bilan shug‘ullanuvchi MCHJ balansidagi 8,5 gektar yer maydonini fuqaroga 6 mln 800 ming AQSH dollariga sotish hamda ushbu hududga elektr, gaz ta’minoti, oqova suv yo‘llarini o‘tkazish uchun texnik shart va ruxsatnomalar, shuningdek, qurilish ishlarini amalga oshirish uchun tegishli ruxsatnoma olib berish evaziga 500 ming AQSH dollari, jami 7 mln 300 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, gumonlanuvchilar 160 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 28,211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent shahridagi holatda esa 1986 yilda tug‘ilgan fuqaro 2022 yilning oktabr oyida maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchasi qurish maqsadida Yashnobod tumanida joylashgan 80 m² yer maydonini «E-auksion» dasturi orqali yutib, 49 yil muddatga ijaraga oladi.
Ammo, turli sabablarga ko‘ra, qurilish ishlari to‘xtab qolib, yer maydonidan uzoq muddat davomida foydalanilmaganligi bois, 2025 yilning sentabr oyida Yashnobod tumani hokimligi tomonidan ijara shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish bo‘yicha fuqarolik sudiga da’vo arizasi kiritiladi.
Lekin, tadbirkor tomonidan asoslantiruvchi hujjatlar taqdim etilgach, sud uning foydasiga hal qiluv qarori qabul qilgan.
Sud jarayonlarida davogar sifatida qatnashgan Yashnobod tumani hokimligi bosh yuristkonsulti esa o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, sudning hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslik evaziga tadbirkordan 5 ming AQSH dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda, hokimlik bosh yuristkonsulti tamagirlik yo‘li bilan 4 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.





