
«Chiroyli» raqamlar biznesi, Rossiya urushga jalb etgan 902 o‘zbekistonlik va Tolibon bilan hamkorlik siri — 31 iyul dayjesti
31.07.2025 | 22:0042077
Kun davomida O‘zbekistonda yuz bergan voqealar, hodisalar yoritilgan yangiliklar va xabarlarning eng muhimlarini yana bir bor esga olamiz.

Avtoraqam «biznesi»: davlat yarim yilda 378,7 mlrd so‘m daromad qildi
So‘nggi olti oyda O‘zbekistonda 80 mingdan ortiq «chiroyli» avtoraqamlar onlayn auksion orqali sotilib, davlat xazinasiga 378,7 milliard so‘m daromad keltirdi. Ularning aksariyati — 96 foizi jismoniy shaxslar tomonidan xarid qilingan.
Avtoraqamlar narxi 1,7 million so‘mdan boshlanib, eng qimmati 509,6 million so‘mga yetdi. May oyida 722,3 million so‘mga sotilgan raqam hozircha 2025 yildagi eng qimmat auksion natijasi bo‘lib turibdi.
Rossiya 900 dan ortiq o‘zbekistonlikni noqonuniy ravishda urushga jalb qilgan
2025 yil davomida kamida 902 nafar o‘zbekistonlik Rossiya Qurolli Kuchlari bilan shartnoma imzolab, Ukrainadagi urushga jalb qilingan. Ular orasida asirga tushganlar, tan jarohati olganlar bor. O‘zbekiston bu borada asir tushgan chet elliklar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turibdi.
Jurnalistik tekshiruvlar Rossiyada yopiq harbiy yollash jarayonlari faollashganini ko‘rsatmoqda. Qurskdagi harbiy poligonda O‘zbekiston delegatsiyasining yopiq tashrifi ham qayd etilgan. Jangga jalb etilganlarning ayrimlari ishsizlik yoki aldov tufayli urushda qatnashganini aytmoqda, rasmiylar esa hozircha izoh bermagan.
Avgust oyi qanday ob-havo bilan boshlanadi?
Avgust oyi O‘zbekistonda asosan quruq va shamolli ob-havo bilan boshlanadi. Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Toshkent va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi, shamol ayrim joylarda 13–16 m/s gacha kuchayishi va chang-to‘zonlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Qashqadaryo va Surxondaryoda issiqlik 40 darajagacha yetishi, tog‘li hududlarda esa 2 avgust kuni qisqa yomg‘irlar kuzatilishi mumkin. Kechasi havo 13–24 daraja, kunduzi 31–40 daraja atrofida bo‘ladi.
Nega O‘zbekiston Tolibon bilan hamkorlik qilmoqda? — The National Interest
O‘zbekiston Tolibon rahbarligidagi Afg‘oniston hukumati bilan hamkorlikni pragmatik yondashuv asosida rivojlantirmoqda. Bunga xavfsizlik tahdidlari va mintaqaviy iqtisodiy imkoniyatlar o‘rtasidagi muvozanatni saqlash zarurati turtki bo‘lmoqda. Toshkent Afg‘onistonni izolyatsiyaga tushib qolgan xavfli hudud emas, balki Janubiy va Markaziy Osiyoni bog‘lovchi strategik ko‘prik sifatida ko‘rmoqda. Shu maqsadda Afg‘oniston bilan infratuzilma, energetika, temir yo‘l, elektr uzatish tarmoqlari, savdo va ta’lim sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, Termizdagi Ayritom erkin iqtisodiy zonasi, Trans-Afg‘on temir yo‘li va Surxon–Puli-Xumri elektr tarmog‘i kabi loyihalar O‘zbekistonning mintaqada yetakchi va barqaror sherik sifatidagi rolini mustahkamlamoqda. Shu bilan birga, inson kapitaliga qaratilgan tashabbuslar — afg‘on talabalari uchun ta’lim dasturlari va qochqinlarni reintegratsiya qilish markazi kabi yondashuvlar ham diplomatiyaning muhim qismi bo‘lib turibdi. Toshkentning bu siyosati xavfsizlik va taraqqiyotni birgalikda ilgari surishga qaratilgan. Bu haqda batafsil Vaqt.uz maqolasida tanishsangiz bo‘ladi.
E’zoza Karimova so‘nggi 12 yilda beshinchi xalq ta’limi vaziri bo‘ldi
E’zoza Karimova O‘zbekistonning maktabgacha va maktab ta’limi vaziri etib tayinlandi. U so‘nggi 12 yilda ta’lim tizimiga rahbarlik qilgan beshinchi shaxs bo‘ldi. Uning nomzodi Qonunchilik palatasi tomonidan tasdiqlandi. Karimova ilgari Prezident ta’lim muassasalari agentligi va “Yangi O‘zbekiston” universitetida faoliyat yuritgan.
Undan avvalgi vazir Hilola Umarova Prezident Administratsiyasidagi yangi lavozimga o‘tkazildi. So‘nggi 10 yilda bir necha shaxslar bu lavozimda faoliyat yuritdi: 2013-2018 yillarda Ulug‘bek Inoyatov, 2018-2021 yillarda Sherzod Shermatov, 2021-2022 yillarda Baxtiyor Saidov, 2022-2025 yillarda Hilola Umarova va endi E’zoza Karimova.





