
CNN Travel o‘zbek nonlarini dunyodagi eng sara 50 ta non qatoriga qo‘shdi
20.10.2025 | 08:1812563 daqiqa
Mashhur CNN Travel sayti o‘zbek nonlarini nafaqat mazasi, balki nafis dizayni va an’anaviy tandirda pishirilishi bilan dunyodagi eng yaxshi 50 ta non turi qatoriga kiritdi.

Sayyohlar uchun ma’lumot beruvchi CNN Travel portali 19 oktyabr kuni dunyodagi eng sara 50 ta non turi ro‘yxatini e’lon qildi. Unda o‘zbek nonlari nafaqat mazasi, balki badiiy ko‘rinishi va an’anaviy tayyorlanish usuli bilan alohida ta’kidlangan.
Nashrning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda non nafaqat taom sifatida, balki milliy san’atning bir ko‘rinishi sifatida ham qadrlanadi. Tandirda yopiladigan nonlar turli naqshlar, o‘yma va shtamplar bilan bezatiladi — bu esa har bir nonni o‘ziga xos badiiy asarga aylantiradi.
Nashr qayd etganidek, o‘zbek nonlari mintaqalar bo‘yicha farq qiladi: Toshkentdagi yumshoq nonlar, Samarqandning qora sedanali patirlari va boshqa xil turlari yurt boy milliy an’analarini aks ettiradi.
Maqolada ta’kidlanishicha, nonlar tandirdan chiqishi bilanyoq velosipeddagi yetkazib beruvchilar tomonidan bozor va choyxonalarga issiq holda olib boriladi. Bu esa o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va mehnatsevarligi ramzi sifatida ko‘rilgan.
CNN Travel ro‘yxatiga o‘zbek noni bilan bir qatorda Italiyaning fokachchiyasi, Fransiya bagetlari, Gurjistonning xachapurisi, ruslarning karavayi va Yaponiyaning melonpani ham kirgan.





