add

Daniyada poyezd ag‘nadi: bir ayol halok bo‘lgan, o‘nlab yo‘lovchilar jarohatlangan

16.08.2025 | 21:0821933

Janubiy Yutlandiyada poyezd relsdan chiqib ketib, ag‘nagan. Bir ayol halok bo‘ldi, 27 yo‘lovchi turli darajada jarohat oldi.

Daniyada poyezd ag‘nadi: bir ayol halok bo‘lgan, o‘nlab yo‘lovchilar jarohatlangan
Daniyaning Janubiy Yutlandiya mintaqasida yirik temir yo‘l halokati sodir bo‘ldi. DSB davlat temir yo‘l kompaniyasiga tegishli yo‘lovchi poyezdi Byerndrup shahri yaqinida relsdan chiqib ketdi. Hodisa 16 avgust kuni bo‘lib o‘tdi. Telekanal TV2 xabariga ko‘ra, halokat natijasida 60 yoshli ayol halok bo‘lgan. Yana 27 kishi turli darajada jarohat olgan, ulardan besh nafari og‘ir ahvolda, ikkisining holati esa juda xavotirli ekani aytilmoqda. Qolgan 22 yo‘lovchi yengil jarohat bilan shifoxonaga yetkazilgan. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, poyezd Kopenhagendan Janubiy Daniyaning Sennerborg shahriga yo‘l olgan. Umumiy hisobda poyezdda 95 yo‘lovchi va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar bo‘lgan. Politsiyaning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, poyezd yo‘ldagi qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan to‘qnashib, halokat yuz bergan. Temiryo‘l kesishuvida shlagbaum mavjud bo‘lmagan. Hodisa joyiga o‘nlab tez yordam mashinalari, favqulodda xizmat mashinalari va to‘rtta vertolyot jalb etilgan. Politsiya va qutqaruv xizmatlari hodisa sabablarini o‘rganmoqda. Ayni paytda tergovchi organlar avariya vaqtida yo‘l belgilarining ishlagan-ishlamaganini tekshirmoqda. Daniya Bosh vaziri Mette Frederiksen voqeadan qattiq ta’sirlanganini bildirdi. Transport vaziri Tomas Danielsen esa maxsus komissiya, DSB va Banedanmark agentligi barcha holatlarni qamrab olgan hisobot tayyorlashini ma’lum qildi. Reuters agentligi xabariga ko‘ra, Byerndrup atrofidagi mazkur temir yo‘l kesishuvida avval ham halokatlar sodir bo‘lgan.

Teglar

Mavzuga oid

Daniyada poyezd ag‘nadi: bir ayol halok bo‘lgan, o‘nlab yo‘lovchilar jarohatlangan | Vaqt.uz